Joriy yilning 29-fevral kuni “Tashkent City Mall” savdo markazining texnik ochilishi o‘tkazilgandi.

Oradan besh kun o‘tib esa, savdo-ko‘ngilochar majmuasi matbuot xizmati markazning yopilishi haqida e’lon berdi.

Xususan, 5-mart kuni soat 16:00dan boshlab savdo markazi texnik sabablarga ko‘ra yopiladi.

“„Tashkent City Mall“ texnik sabablarga ko‘ra yopilishi to‘g‘risidagi ma’lumotga e’tiboringizni qaratmoqchimiz. Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Savdo markazi qachon qayta ochilishi haqida aniq ma’lumot berilmagan. Tez orada qayta ishga tushish vaqti ma’lum qilinishi qayd etilgan.

Poytaxtning Botir Zokirov ko‘chasi, 7-uyda joylashgan savdo markazida taqdim etilgan brendlar qatorida Ispaniyaning “Inditex” kompaniyasi bor: “Zara”, “Zara Home”, “Massimo Dutti”, “Oysho”, “Bershka”, “Stradivarius” va “Pull&Bear”.

Bundan tashqari, majmuada “Galmart”, “Spotmaster”, “Nike” va “12 STORЕEZ” savdo, “Subway” hamda “HuQQabaz” ovqatlanish nuqtalari ochilishi kutilmoqda.

Jami 245 ming kvadrat metr binolarning ijara maydoni 100 ming kvadrat metrni tashkil qiladi. Markaz o‘z ichiga “IMAX” kinoteatri, “Sky Park” ko‘ngilochar va ma’rifiy bog‘i, VR zona, Bolalar ilmiy majmuasi, planetariy hamda “Intertainment” zonalari kabilarni qamrab olgan.

“Hyper Partners” tomonidan amalga oshirilgan “Tashkent City Mall” savdo markazi qurilishi dastlab avgust oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgandi. Dekabrga kelib, markaz ochilishi 2024-yilning birinchi choragiga ko‘chirildi.

Joriy yilning may oyida prezident qarori bilan “Tashkent City Mall” savdo maydonchasi ijara to‘lovlarini xorijiy valyutada amalga oshirish huquqini oldi. Poytaxtning qolgan savdo-ko‘ngilochar markazlari sarmoya hajmi va ijara maydoni bo‘yicha shartlarga javob bermaydi.