Avvalroq Toshkent shahrida avtomobillarni diagnostika qilish markazi ishga tushgani haqida xabar berilgandi.

5-mart kuni markazga tashrif davomida Shavkat Mirziyoyevga poytaxtdagi gavjum chorrahalar va ko‘chalarni tartibga solish, bu orqali tirbandliklarni bartaraf etishga qaratilgan loyiha taqdimot qilindi.

Loyiha o‘z oldiga uchta asosiy vazifani oladi: piyodalar xavfsizligi va qulayligi, jamoat transportiga ustuvorlik, o‘tkazish qobiliyatini oshirish va yo‘l transport hodisalari sonini kamaytirish.

Mazkur loyiha sinov tariqasida Toshkent shahridagi yirik chorrahada — “Bobur” va “Furqat” ko‘chalari kesishmasida amalga oshirildi.

Piyodalar uchun chorrahada “xavfsizlik orolchalari” bunyod etilib, piyodalar o‘tish joyida svetoforni boshqarish uskunalari o‘rnatildi. Jamoat transporti bekatlari yo‘lovchilar uchun tushib chiqishga qulay tarzda qayta loyihalashtirildi.

Shuningdek, chorrahaga davomiyligi oqimga qarab moslashadigan intellektual svetoforlar tizimi tashkil etildi.

Bu kabi loyihalar natijasida chorrahalarning o‘tkazish qobiliyati sezilarli darajada oshib, tirbandliklar kamayishi, jamoat transporti samarali bo‘lishi qayd etildi.

Prezident bu ishlarni kengaytirish, “shahar — piyodalar uchun” tamoyilini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Joriy yilning 1-martidan Toshkentda tig‘iz vaqtlarda yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati taqiqlandi.

Shuningdek, 2030-yilgacha Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida “Yevro-5” va undan yuqori standartlariga to‘g‘ri kelmaydigan avtomobillar harakati bosqichma-bosqich cheklanadi.

Avvalroq prezident 2025-yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilishni topshirgandi. Bundan tashqari, Ekologiya vazirligi ham Toshkentda “Yevro-4” standartidan past ekologik toifadagi yoqilg‘idan foydalanishni taqiqlashni taklif qildi.