Barqarorlik reytingida yuqori ko‘rsatkichlarga ega tadbirkorlarga xorijiy ko‘rgazmalarda ishtirok etish xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqda 18-fevral kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Xususan, mahalliy korxonalarga xalqaro ko‘rgazmalarda qatnashishda ko‘maklashish masalasi ko‘tarib chiqildi. Ko‘plab ko‘rgazmalarda qatnashish uchun oldindan 100%lik to‘lovni amalga oshirish talab etiladi.

Mamlakatda buning uchun 15% miqdorida avans to‘lanadi, qolgan qismi esa yarmarka tugaganidan keyin o‘tkazib beriladi. Davlat rahbari bu tizimni to‘liq qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi.

Endilikda tadbirkorlarning mazkur xarajati ularning reytingidan kelib chiqib qoplab beriladi. Yuqori va o‘rta reytingdagi tadbirkorlarga ko‘rgazmalarda qatnashish xarajati 100% oldindan to‘lab beriladi.

Past reytingga ega bo‘lganlar ko‘rgazmada ishtirok etganini tasdiqlovchi hujjat taqdim etgandan keyin xarajatining 50% qismini qoplab olishlari mumkin bo‘ladi. Bu mexanizm tajriba sifatida bir yil davomida amal qilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, yig‘ilishda aylanma mablag‘ masalasi, shartnoma qiymatining debitor qarzdorlik sifatida e’tirof etiladigan chegirma summasi chegarasini ko‘tarish, tabiiy yo‘qotish va sifat buzilishini kamaytirish uchun meva-sabzavotni qadoqlashni yaxshilash masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Dehqonlardan mahsulotlarni yig‘ib, eksportchilar uchun yetkazib beruvchi ta’minotchilar faoliyatini tartibga solish, importi yuqori bo‘lgan asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishga import qilinadigan xom ashyoni bojxona to‘lovidan ozod etish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.

Davlat rahbari bu masalalar bo‘yicha tadbirkorlar bilan fikr almashib, mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

Xususan, meva-sabzavot va oziq-ovqat eksporti bo‘yicha bosh vazir boshchiligida komissiya tuziladi.

Eksportni ko‘paytirishda ekin ekishdan boshlab, mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlash va sotish zanjirini to‘liq qamrab oladigan uch yillik katta dastur qabul qilishga qaror qilindi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarning hisoboti va rejalari tinglandi.

Davlat rahbari inflyatsiyani jilovlash va valyuta barqarorligini ta’minlash eksport bilan bog‘liqligini, ko‘p mahsulot ishlab chiqarilganiga qaramay, eksport uchun kerakli shart-sharoit yaratilmasa o‘zgarish bo‘lmasligini qayd etgandi.