Raqobat qo‘mitasi “UNG Petro” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i operatorini xususiylashtirish bo‘yicha kelishuvni o‘rganmoqda. Bu haqda 20-mart kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qo‘mita raisi o‘rinbosari Farrux Karabayev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita iqtisodiy konsentratsiya ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi va bunga o‘zining dastlabki roziligini beradi. Biroq, bu talab ayrim jarayonlarda, jumladan, prezident qarori bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarga taalluqli emas.

“Shuning uchun biz ham bu holatni o‘rganyapmiz. Agar bu holatda investor („Petroleum Technology Group“ — „Spot“ izohi) tomonidan qonun hujjatlariga ta’sir ko‘rsatilsa, biz qonun doirasida ish olib boramiz”, — dedi Farrux Karabayev.

Qo‘mita raisi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, aksiyalar paketini sotish bo‘yicha bunday bitimlar O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi tufayli ko‘plab bo‘lmoqda. Shuning uchun iqtisodiy konsentratsiya ham o‘zgarib boradi.

Shuningdek, Karabayev, “UNG Petro"ni xususiylashtirish bo‘yicha savol bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yuzlashishni tavsiya qildi, biroq, Davaktiv agentligi hozirgacha kelishuvga izoh bermani yo‘q.

“Bugungi kunda Raqobat qo‘mitasining faoliyati va vakolatlari bilan bog‘liq masala o‘rganilmoqda. Hozir [qo‘mitaning] aniq pozitsiyasini ayta olmayman, ammo [vaziyatni] o‘rganib chiqqanimizdan so‘ng o‘z xulosamizni beramiz”, — deya xulosa qildi u.

Mart oyi boshida sobiq tashqi ishlar vaziri o‘g‘li Daniyar Kamilovga tegishli 101 mln so‘m ustav kapitaliga ega “Petroleum Technology Group” kompaniyasi “UNG Petro"ning yangi ta’sischisi bo‘lgani xabar berildi. Bungacha yoqilg‘i quyish shoxobchalari operatorining yagona ta’sischisi “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasi bo‘lgan.

“Petroleum Technology Group” 2023-yilning oktabrida tashkil etilgan. Oleg Bogomolov yuridik shaxslar reyestrida kompaniya rahbari sifatida qayd etilgan.

Kompaniyaning 99% aksiyasi egasi Xavfsizlik kengashi kotibi, sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning o‘g‘li Daniyar Kamilovdir. Qolgan 1% esa to‘liq Kamilovga qarashli bo‘lgan “Delta Global Dynamics” kompaniyasiga tegishli.

“Gazeta.uz"ning ochiq ma’lumotlar asosidagi hisob-kitoblariga ko‘ra, “Petroleum Technology Group” tomonidan xususiylashtirilgan “O‘zbekneftgaz"ning 80ta yonilg‘i quyish shoxobchasining narxi kamida $100 mln bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi “Humo Air"ning bekor qilingan reyslari bo‘yicha iste’molchilar pullarini qaytarib ololmayotganliklarini aniqlagandi.