“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi Toshkent va Mumbay o‘rtasidagi parvozlarni tikladi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Toshkent-Mumbay-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha pandemiyadan keyingi birinchi parvoz joriy yilning 1-aprel kuni amalga oshirildi.

Shaharlar o‘rtasidagi reyslar haftasiga ikki marta — dushanba va shanba kunlari quyidagi jadval asosida amalga oshiriladi:

  • Toshkentdan uchish — 08:50, Mumbayga kelish — 13:40;
  • Mumbaydan uchish 15:05, Toshkentga yetib kelish 18:35.

Bir tomonlama chipta narxi 1 824 654 so‘mdan, qaytish chiptasi 3 635 184 so‘mdan boshlanadi. Narxlar e’lon qilingan paytda amal qiladi.

Milliy aviakompaniya Mumbayga parvozlarni 2018-yilning kuzida, haftasiga uch marotaba parvozlar chastotasi bilan yo‘lga qo‘ygan. Parvozlar 2020-yilning bahorida COVID-19 pandemiyasi sabab to‘xtatilgan va 2021-yilning aprelida esa kompaniya foyda keltirmaydigan yo‘nalishni yopishga qaror qilgan.

31-martdan boshlab aviakompaniya Toshkentdan Rimga parvozlarni ham tikladi. Qatnovlar har hafta yakshanba kunlari amalga oshiriladi.

Avvalroq “Uzbekistan Airways” 7-apreldan Londonning Gatvik aeroportiga qo‘shimcha reysni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.