2024-yilgi “Amazon Web Services Community Day Central Asia” Markaziy Osiyo texnologik konferensiyasi Toshkentda o‘tkaziladi. Bu haqda tadbir tashkilotchilari “Spot"ga ma’lum qildi.

“AWS Community Day Central Asia” — “Amazon"ning bulutli texnologiyalariga qaratilgan yirik mintaqaviy konferensiya. Uning ta’sischilari O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi “AWS User Group” hamjamiyatlari hisoblanadi.

Konferensiyada Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Gruziya, Ukraina, Norvegiya va Germaniyadan 18dan ortiq spikerlar taqdimot va ma’ruzalari bilan ishtirok etishadi. Ular “EPAM”, “Bank of Georgia” va “TBC” kabi kompaniyalar ekspertlaridir.

Mavzular orasida quyidagilar mavjud:

  • sun’iy intellekt va mashinali o‘rganish;
  • data-injiniring;
  • DevOps;
  • FinOps;
  • serversiz ilovalarni ishlab chiqish;
  • bulutli hisoblash sohasini tartibga solish;
  • axborot xavfsizligi;
  • biznes keyslari.

Shuningdek, dastur netvorking va viktorinani o‘z ichiga oladi. Bir kunlik konferensiya joriy yilning 26-may kuni Inha universiteti kampusida o‘tkaziladi.

Unda ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish va elektron chipta olish kerak.


Avvalroq “Visa Everywhere Initiative 2024” tanloviga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.