3-mart kuni Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.

Unda prezident “O‘zsanoatqurilishbank"ning Yashnobod filiali o‘rnida 21 qavatli bino qurilishini ma’lum qildi.

Toshkent shahrining Maxtumquli ko‘chasida joylashgan mazkur filial maydoni 50 sotixni tashkil etadi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, bank boshqaruvi raisi Aziz Akbarjonov mazkur tashabbus bilan chiqqan.

Bunga $40 mln yo‘naltirilib, 21 qavatli binoning birinchi to‘rt qavatida savdo-ko‘ngilochar kompleksi, beshinchi qavatida bank, yuqori qavatlarida esa ofis va kvartiralar quriladi.

Bundan tashqari, 4 mingta ish o‘rinlarini tashkil qilish rejalashtirilgan.

“Mana Yunusobodda qanday loyihalarni qilish kerak. Qolgan bank rahbarlari ham bundan o‘rnak olib, poytaxtdagi filiallari o‘rnida xuddi shunday loyihalar qilib, tadbirkor ish o‘rni va tushumni ko‘paytirishi shart”, — dedi prezident.

Prezident yer o‘ta cheklangan sharoitda bor infratuzilmani vertikal o‘stirish orqali sanoat va savdoni rivojlantirish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Xususan, Yunusobod dehqon hamda Ahmad Donish bozorlarini qavat-qavat usulida kengaytirish uchun sharoitlar mavjudligi qayd etildi.

“Masalan, 4,8 gektarlik Yunusobod dehqon bozori bir qavatli bo‘lgani uchun dimiqib ketgan”, — dedi prezident.

“Aloqabank” boshqaruvi raisi Kammuna Irisbekova bu bozorni yer ostiga ikki qavat, yer ustiga olti qavat qilib qurishga xorijlik investorlar $40 mln sarmoya kiritib, 2500ta ish o‘rni yaratish taklifini bergan.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanining 16,5 gektar maydonidagi kichik sanoat zonasida 91ta bino va inshootlar joylashgan.

Ularning 77 ming kv.metr bino-inshootlarini 3−4 qavat qilib qayta qurish hisobiga qo‘shimcha 200 ming kv.metr hosil bo‘lishi mumkinligini qayd etdi prezident.

Natijada, tumanda ishlab chiqarish hajmini 850 mlrd so‘mdan 2,5 trln so‘mga, eksportni $24 mlndan $80 mlnga, budjet tushumlarini 100 mlrd so‘mdan 300 mlrd so‘mga hamda ish o‘rinlari sonini 1,5 mingdan 4,5 ming nafarga oshirish mumkin.

Shuningdek, Amir Temur shoh ko‘chasidagi davlat idoralari binolari o‘rnida savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish taklif qilingandi. Banklar tadbirkor mijozlarga kredit berayotganda fuqarolarni ishga olish sharti bilan kredit foizini kamaytiruvchi tizimni joriy qilish taklif etildi.