Hukumatning 30-martdagi qarori bilan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritildi.

Hujjat bilan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga qo‘shimcha yengilliklar belgilandi.

Endilikda tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 100 mln so‘mgacha bo‘lgan garovsiz kreditlarning 50%i oluvchilarning bank kartasiga o‘tkazib beriladi.

O‘z navbatida, dasturda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar moliyaviy vositalardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritgach, tadbirkorlik subyekti sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Bu o‘zini o‘zi band qilganlar, kasanachilar va hunarmandlarga tegishli.

Moliyaviy yordamning qo‘shimcha vositasi joriy etilmoqda, jumladan, kichik korxonalar biznes loyihalarini amalga oshirish uchun 500 mln so‘mgacha kredit olishlari mumkin.

Buning uchun esa ularning 4 nafar va undan ortiq doimiy ishchi-xodimlari ega hamda yillik aylanmasi 200 mln so‘m oshgan bo‘lishi kerak.

Ishtirokchilar tomonidan tayyorlangan biznes loyihalarni baholashda ekspert baholash guruhining barcha a’zolari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishlari talab qilinadi. Agar guruh a’zosi 3 ish kuni ichida munosabat bildirmasa, ijobiy xulosa berilgan deb hisoblanadi.

2023-yilning sentabrida prezident qarori bilan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturini amalga oshirish belgilandi.

Yanvarga kelib esa dastur tasdiqlandi. Uning doirasida kompaniyalar 1,5 mlrd so‘mgacha bo‘lgan miqdorda imtiyozli kreditlar yoki yuqori texnologik va innovatsion startap loyihalari 2 mlrd so‘mgacha grant mablag‘larini olishlari mumkin.