Jahon savodxonligi fondi (World Literacy Foundation) notijorat tashkiloti yangi mahsulot — savodsizlikka qarshi kurashuvchi “Literacy Pen” aqlli ruchka chiqarilishini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, taqdim qilinadigan aqlli ruchka bu ruchka yoki qalamga biriktiriladigan kichik gadjet.

“Literacy Pen” yengil qisqich bo‘lib, u har qanday yozuv asbobiga mos keladi. Ma’lum qilinishicha, qurilma shu qadar ixcham bo‘lib, u yozishga xalaqit bermaydi.

Savodxonlik qalami sodda tarzda ishlaydi. Foydalanuvchi faqat mavjud tugmani bosish va yozilishi kerak bo‘lgan so‘zni baland ovozda aytishi kerak.

Kichkina ekranda so‘zning to‘g‘ri yozilishi va harfma-harf to‘g‘ri yozishni ko‘rsatadigan animatsiya paydo bo‘ladi.

Yaratuvchilarning fikricha, gadjet takrorlash va vizual o‘rganish orqali insonda savodxonlikni samarali rivojlantiradi.

YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda savodsizlar soni 773 mlnga yetadi. Bu insoniy va iqtisodiy taraqqiyotga jiddiy to‘siq hisoblanadi.

Mutaxassislarning fikricha, savodsizlik yuqori maoshli ishlarga kirishni cheklaydi va martaba ko‘tarilish imkoniyatlarini kamaytiradi.

Yangi gadjet ushbu muammolarni hal qilish uchun yaratilgan. Gadjetlar, ehtimol, ta’lim darajasi past bo‘lgan chekka hududlarga xayriya sifatida bepul yetkazib beriladi.


Avvalroq “Spot” ko‘zi ojizlar uchun aqlli ko‘zoynak ishlab chiqilgani haqida yozgandi.

Qurilma kameralar va lidarlar yordamida to‘siqlarni aniqlaydi hamda tebranma harakat va ovozli signallardan foydalanadi.