Har qanday biznes loyihalar va turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tgan yo‘li, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.

“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu safar o’zining brend kiyimlari, kosmetikasi va aksesuarlari bilan tanilgan “Christian Dior” ning yaratilish tarixiga nazar tashlaymiz.

Maqolada kompaniyaning bugungi kungacha qanday shakllangani hamda uning kengayish jarayonlari haqida so‘z boradi.


Kristian Dior 1905-yil 21-yanvarda Fransiyaning Granvil shahrida tug‘ilgan, oilasi bilan birga shu yerdagi “Les Rhumbs” villasida yashagan. U oilada besh farzandning ikkinchisi edi.

Uning otasi Moris Dior kimyoviy o‘g‘itlar savdosi bilan shug‘ullanib, asosiy daromadini shundan topardi. Onasi Madlen Dior esa go‘zalligi uchun pul sarflashni yaxshi ko‘radigan hashamatli ayol edi.

Foto: galeriedior.com

6 yoshida Kristian va oilasi Parijning 16-okrugiga ko‘chib o‘tadi. Yoshligidan san’at va arxitekturaga qiziqqan bo‘lsa-da, ota-onasi farzandini diplomat bo‘lishini xohlab, uni siyosiy ta’limga yo‘naltiradi.

Biroq bo‘lajak dizayner 20 yoshida xalqaro huquq va geografiya fanlari bo‘yicha ta’lim olayotganiga qaramay, bo‘sh vaqtini muzeylarda o‘tkazadi, rassomlik san’ati tarixini va musiqani o‘rganadi.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Foto: galeriedior.com

1928-yilda Dior va do‘sti Jan Bonjak birgalikda kichik san’at galereyasini ochadi. Avvaliga hamma narsa soat mexanizmi kabi ketadi. Andre Deren, Anri Matiss va Pablo Pikassoning san’at asarlari galereya salonida namoyish etiladi. Ammo 4 yildan keyin iqtisodiy inqiroz tufayli biznesni yopishga to‘g‘ri keladi.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Foto: galeriedior.com

1930-yillarning boshlari Kristian uchun fojiali bo‘ldi: avvaliga uning akasiga ruhiy kasallik tashxisi qo‘yiladi, keyin onasi saraton kasalligidan vafot etadi. 1931-yilning boshida esa butun kapitalini ko‘chmas mulkka kiritgan otasi bankrot bo‘ladi va sil kasalligiga chalinadi.

Natijada moliyalashtirish to‘xtab qoladi va Kristian pul ishlab topishga majbur bo‘ladi. U o‘zining kiyim-kechak va shlyapa eskizlarini “Le Figaro Illustre” jurnaliga sotishni boshlaydi.

Tez orada Kristian mashhur dizayner Robert Piguetning e’tiboriga tushadi. Ammo, Fransiyaning janubiga armiyaga chaqirilishi natijasida uning professional yo‘li to‘xtaydi.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Foto: galeriedior.com

1941-yilda Dior Parijga qaytadi va uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng nihoyat mashhur kuturye (rassom-modelyer) Lyusen Lelongning yetakchi dizayneri sifatida ishga joylashadi. U yerda tajriba orttirib, hunarning nozik jihatlarini puxta egallaydi.

Brendning yaratilishi

Lelongda ishlayotgan Dior tadbirkor Marsel Busak bilan tanishib qoladi. Uning yordami bilan dizayner 1946-yil 16-dekabrda Parijning Montel ko‘chasida mo‘jazgina modalar uyiga asos soladi va darhol “New Look” debyut to‘plamini tayyorlay boshlaydi.

Podiumda modellar etak qismi keng, bel qismi esa kamar, belbog‘ va tasmalar bilan noziklikni aks ettirgan nafis liboslar to‘plamini namoyish etadi. Bunday siluet moda olamida revolyutsiya bo‘lishiga sabab bo‘lib, urushdan keyingi moda uchun yangi mahsulot sifatida kirib keldi.

Kolleksiyadagi eng noodatiy va chiroyli obrazlardan biri “Bar Suit” bo‘lgan. Jaket nomining bar deb atalishi, g‘oyaning dizayner hayoliga “Plaza Athenee” mehmonxonasi barida o‘tirganida kelgan. “Bar Suit” Dior modalar uyi tomonidan Britaniyaning “Viktoriya va Albert” muzeyiga sovg‘a qilinadi.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Bar Suit. Foto: galeriedior.com

1951-yilning yozida “ELLE” jurnalidagi bir qator maqolalaridan so‘ng Kristian Dior o‘zining birinchi kitobi “Je Suis Couturier” (“Men kutyuryeman”, 1954-yilda ingliz tilida “Talking About Fashion” nomi bilan chop qilingan) nashr etdi.

“Christian Dior"ning modalar uyi shu qadar tez rivojlandiki, natijada 1948-yilda Nyu-Yorkda filiali ochildi va bir yildan so‘ng brend sumkalar, aksessuarlar va mo‘ynalar ishlab chiqarishni boshlaydi. 1952-yilda Londonda ham yangi filial “Christian Dior Models Limited” faoliyat boshladi.

Bir yildan so‘ng esa kompaniya Meksika, Kanada, Kuba va Italiyada faoliyatini davom ettiradi. Modalar uyi 2000dan ortiq odamni ish bilan ta’minlagan katta kompaniyaga aylanadi. Dior faqat qo‘lda tayyorlangan ishlarnigina tan olardi, shuning uchun har bir kiyim qismi ishchilarning puxta mehnati bilan yaratilgan.

1955-yildan “Dior” Avenue Montaigne va Rue François-Ier ko‘chasi burchagida Viktor Granperom tomonidan ishlab chiqilgan yangi butikni yo‘lga qo‘ydi va o‘zining birinchi lab bo‘yog‘i to‘plamini taqdim qildi.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Foto: galeriedior.com

1969-yildan boshlab “Christian Dior” seriyali kosmetika mahsulotlarini taqdim qilishni boshladi. Dior brendi har doim o‘z oldiga bitta seriyaga kiritilgan barcha mahsulotlar uchun ranglarning uyg‘un kombinatsiyasini topishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu bilan kompaniya o‘zining badiiy dididan chetga chiqa olmasligini tan oldi.

Dior atirlari

Kristian ayollar go‘zalligini faqat liboslarda deb bilmagan. O‘zini munosib tutish, did va farosat ayolning asosiy ko‘rki, lekin tashqi ko‘rinish va taraladigan ifor ham alohida ahamiyatga ega. Shu bois, atirga ayol obrazini yakunlovchi so‘nggi chiziq deb ta’rif bergan.

“Atir ayol haqida uning dastxatidan ko‘ra ko‘proq gapirishi mumkin” — Kristian Dior.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Foto: dior.com

Fikrining isboti sifatida, Kristian bolalikdagi do‘sti Eftler Luish bilan birgalikda yoqimli iforga ega atir ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. “Miss Dior” deb nom olgan atir tez orada dunyoning barcha burchaklarida savdosi oshishni boshlaydi.

Atir Kristianning kichik singlisi Katringa atalgan. “Mademuazel” emas, balki “miss” deb atalishi esa uning Angliyaga bo‘lgan sevgisini ifodalab turadi.

Asoschisini abadiylashtirgan logotip

“Dior"ning logotipi uning yaratuvchisi nomini doimo eslatib turadi. Kompaniya an’analari va merosi minimalistik logotipda aks ettirilgan. Brend hashamatli sanoatni ifodalashiga qaramasdan, uning uslubi juda sodda va kam tasvirlangan. Ortiqcha elementlarsiz aniq so‘z belgisi moda uyini osongina tanib olish imkonini beradi.

Shu bilan birga, u o‘ziga xoslik, aristokratiya, nafosat, obro‘-e'tibor, jozibadorlik va boylik bilan bog‘liq.

biznes tarixi, christian dior, miss dior

Boshqa brendlar singari, “Christian Dior” ham o‘z nomini logotipida foydalanadi. Unda dastlab nomi to‘liq yozilgan. Qo‘shimcha ravishda “CD” qisqartmasi bo‘lgan belgi ham bor edi. Keyin kompaniyaning qisqartirilgan nomini o‘z ichiga olgan faqatgina “DIOR” so‘zi qoldirildi. Dastlabki yillarda “D” bosh harfi bilan yozilgan, qolgan harflar kichik shaklda bo‘lgan.

Kompaniya daromadi. “Christian Dior” kompaniyasi 2023-yilda 86,2 mlrd yevro hajmida daromadga ega bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 13%ga o‘sgan. 2023-yil oxiriga kelib butun dunyo bo‘ylab 213 mingdan ortiq xodimlari mavjud bo‘lib, 40 mingga yaqini Fransiyada faoliyat yuritib kelmoqda.