Ramazon hayitida jamoat transporti belgilangan vaqtda bepul xizmat ko‘rsatadi, deya xabar berdi “UzA”.

Bu haqda Vazirlar Mahkamasida Ramazon hayiti bayramini osoyishta va yuqori kayfiyatda o‘tkazishga bag‘ishlagan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan.

Ramazon hayiti bayramining birinchi kuni mamlakatdagi barcha jamoat transporti vositalari soat 04:00dan 10:00ga qadar aholiga bepul xizmat ko‘rsatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatda joriy yilda Ramazon hayiti 10-aprel, chorshanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida qaror qabul qildi.

Avvalroq “Toshshahartransxizmat” bayram kunlari Toshkent shahrida jamoat transportlari qanday harakatlanishini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Toshkent metropoliteni qanday harakatlanishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ramazon hayiti kuni poytaxtda jamoat transporti hamda metro poyezdlari soat 04:00dan yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni boshlaydi.