Eron kompaniyasi Xorazmda baliqchilik klasterini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekiston elchisi Fariddin Nasriyev Eronning baliqchilik sohasiga ixtisoslashgan “Beyza Feed Mill” (BFM Group) kompaniyasi boshqaruvi kengashi raisi Amir Abudi bilan uchrashdi.

Fariddin Nasriyev eronlik tadbirkorga O‘zbekistonda baliqchilik xo‘jaligini barpo etish bo‘yicha investitsiyaviy loyihasini amalga oshirishni taklif qildi.

Natijada, “Beyza Feed Mill” Amir Abudi bilan Xorazm viloyatida qiymati $25 mlnga teng baliqchilik klasterini barpo etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Suhbat davomida kompaniya rahbari uning faoliyati haqida ma’lumot berib, Sheroz shahrida joylashgan kompaniya zavodida baliqlar uchun ozuqa hamda baliqdan tayyor va yarim tayyor mahsulotlar, ikra ishlab chiqarilishini qayd etdi.

Aprelda eronlik investorning viloyatga loyiha borasida batafsil muzokaralar o‘tkazish uchun tashrifi amalga oshiriladi.

Mart oyi boshida Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda Xorazm viloyatidagi sun’iy suv havzalarining atigi 10%ida baliq intensiv usulda boqilishi qayd etilgandi.

Endilikda intensiv usulda baliq yetishtirgan tadbirkorlar yer va aylanma solig‘ining 50%ini to‘lab, suv solig‘i va to‘lovidan ozod etiladi.

Avvalroq o‘zini o‘zi band qilganlarga 100 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar berilishi ma’lum qilingandi. Mablag‘lar oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida issiqxonalar qurish va baliqchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratiladi.