“Uzbekistan Airways” aviaqatnovlariga ro‘yxatdan o‘tish vaqti o‘zgardi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Toshkent xalqaro aeroportida aviaqatnovlar soni oshishi va yo‘lovchilar oqimi ko‘payishi hisobga olinib, ro‘yxatdan o‘tish jarayoniga tegishli yangi qoidalari joriy etildi.

Endi “Uzbekistan Airways” xalqaro aviaqatnovlariga ro‘yxatdan o‘tish vaqti qatnov jo‘nashiga 1 soat qolganda tugatiladi. Oldin bu 40 daqiqani tashkil etgandi.

Aviakompaniya parvoz oldidan protseduralarni bajarish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha vaqtni hisobga olgan holda, yo‘lovchilardan aeroportga oldindan yetib kelishlarini so‘radi.

15-aprel kuni “Uzbekistan Airways” Toshkent-Tel-Aviv yo‘nalishidagi bitta reysni bekor qilgandi. 16-aprel kuni esa ob-havo sharoitlari va kuchli yomg‘irlar sabab, HY334 Dubay-Toshkent aviaqatnovi majburiy kechiktirildi.