Uchta hududda $403,55 ming kredit mablag‘larini talon-toroj qilgan korxonalar aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Departamentning Toshkent viloyati Chirchiq shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “A.B.” MChJ mas’ul shaxslari $120 ming miqdoridagi kreditni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Ular bank filialidan nooziq ovqat mahsulotlari chakana savdosi faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan mablag‘lar hisobiga xorijdan olib kelingan qurilish mollarini boshqa shaxslarga naqd pulga sotib yuborishgan.

Navoiy viloyatining Navoiy shahrida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A.” MChJ hamda “I.O.” oilaviy korxonasi norasmiy boshqarib kelgan A.S. mehmonxona xizmatini tashkil qilish uchun ajratilgan mablag‘larni o‘zlashtirgan.

Ayblanuvchilar hududiy bank filialidan 3 mlrd so‘m miqdorida kredit olib, amalda mehmonxona xizmatini tashkil qilmasdan mablag‘larni talon-toroj qilgan.

Samarqand viloyati, Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda esa, “A.G.” MChJ mas’ul shaxslari hududiy bank filialidan ajratilgan jami 602,6 mln so‘m kreditni AYoQSh binosini ta’mirlash to‘liq amalga oshirmasdan o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida “metan zapravka” 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgandi. Bir oy davomida noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 1,27 mln metr kubni tashkil etadi. Holat yuzasidan korxona rahbariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.