Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti ko‘chalardagi LED ekranlarini tekshirishni boshladi. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Departamentning Tashqi reklama loyiha ofisi rahbari Alixon Ahmadjonovning ma’lum qilishicha, poytaxt aholisi va mehmonlaridan poytaxtda o‘rnatilgan yorug‘lik diodli (LED) ekranlarining yorug‘lik darajasi bo‘yicha murojaatlar bo‘lgan.

Xususan, masofadan turib yorug‘lik o‘lchash uskunalari xarid qilinib, kelgusi ikki oy ichida barcha LED ekranli tashqi reklama obyektlari me’yoriga keltiriladi.

Shaharsozlik normalarida ko‘cha ekranlaridagi reklama e’lonlari 100 kd/m² dan oshmasligi belgilangan.

Ayrim LED ekranlarining yorug‘lik darajasi tungi vaqtlarda me’yoridan 50 baravargacha yuqori darajada bo‘lgan.

O‘rganishlar natijasida poytaxtdagi ekranlarning deyarli 90%idan ortig‘i mazkur me’yordan yuqori yorug‘lik tarqatishi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, Alixon Ahmadjonov yorug‘lik darajasini buzganlik uchun jazo mavjud emasligini, “Hududiy elektr tarmoqlari” bilan mazkur ekranlar me’yorga keltirilmaganda, majburiy tartibda elektr tarmog‘idan uzish choralarini ko‘rish rejalashtirilayotganini qayd etdi.

2023-yilning 1-dekabridan tashqi reklama uchun joy “E-auksion” orqali sotilishi ma’lum qilingandi. Tashqi reklama raqamli monitoring elektron tizimi va reklama joylashtirish uchun yagona to‘lov joriy etilishi belgilangan.