Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda banklar tomonidan Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ikkilamchi bozordagi uylar uchun ipoteka kreditlari ajratilmayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Kompaniya bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, belgilangan talablar asosida ipoteka kreditlarini qayta moliyalashtirish ishlari davom etayotganini ma’lum qildi.

2022-yilning noyabrida Osiyo taraqqiyot banki bilan qarz bitimi imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra bankdan $150 mln miqdoridagi resurs manbasi jalb qilingan.

IQMK mazkur kredit liniyasi asosida banklarga 17−18%lik ipoteka kreditlari uchun resurslar ajratmoqda.

Banklar o‘z navbatida muvofiqlik talablari asosidagi portfellarni bosqichma-bosqich kompaniyaga taqdim etmoqda. Hozirgacha qayta moliyalashtirish amaliyotlari olib borilmoqda.

Ipoteka kreditiga subsidiyalarni inson omilisiz ajratish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Joriy yilning 15-mayidan ipoteka kreditiga subsidiya olish uchun onlayn arizalar qabuli boshlangandi.

Bir haftada Yagona portal orqali 150 mingdan ortiq ariza jo‘natilgan. “Spot” arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etdi.