Xitoy kompaniyasi chiqindilardan energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Xitoyning “Shanghai SUS Environment” chiqindilarni boshqarish sohasidagi kompaniyasi raisi Zishen Long o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Zishen Long O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlarni ijobiy baholab, kompaniya muammolarni hal etishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Kompaniya qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarga sarmoya kiritadi, quradi va ulardan foydalanadi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha vazirlik va “Shanxay SUS Environment” o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur hujjat birgalikda chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishni nazarda tutadi.

“Shanxay SUS Environment” qattiq maishiy chiqindilarni yoquvchi zavodlarning yirik yetkazib beruvchisi va Xitoyda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimlari yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi.

Xitoyning “China CAMC Engineering” kompaniyasi O‘zbekistonda birinchi chiqindilarni yoqish zavodini qurishni rejalashtirmoqda. BAAning “Tadweer” kompaniyasi bilan “Chiqindilarni energiyaga aylantirish” zavodi ishga tushiriladi.

Avvalroq havoni ifloslantirayotgan 300dan ortiq avtomobil egalari jarimaga tortilgandi. Shu bilan birga, 222ta transport vositasining harakati vaqtincha to‘xtatildi.