Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

2024/2025 o‘quv yili qabulidan davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi.

Bunda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida tasdiqlash tartibi joriy etiladi, oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari bundan mustasno.

Davlat buyurtmasi bo‘yicha kvotalar taqsimotida muhandislik, tibbiyot, aniq va tabiiy fanlar bilim sohalariga ustuvorlik beriladi.

Davlat OTMlari uchun o‘rnatilgan tartib va shartlar bo‘yicha talabalar qabulini amalga oshiruvchi OTMlarga davlat buyurtmasining taqsimotida ishtirok etishga ruxsat etiladi.

Bunda tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha bir talaba uchun ajratiladigan mablag‘ moliyaviy mustaqillik berilgan davlat OTMlarida bir talaba uchun to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat miqdoridan oshmagan hajmda moliyalashtiriladi.

Davlat granti kvotalarining oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimoti tegishli bakalavriat bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlarning tanlovi va to‘plagan ballariga ko‘ra amalga oshiriladi.

OTMlar moddiy-texnika bazasi, professor- o‘qituvchilari tarkibi va o‘quv-metodik ta’minotiga muvofiq, keyingi o‘quv yili uchun o‘z qabul parametrlarini shakllantiradi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi. Vazirlik qabul parametrlari asosliligini o‘rganadi va ularni ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga kiritadi.

Davlat komissiyasi oliy ta’lim tashkilotlari, ta’lim shakllari va tillar kesimida bakalavriatura bo‘yicha umumiy, imtiyozga ega abituriyentlar uchun qo‘shimcha, maqsadli qabul kvotalarini hamda magistratura mutaxassisliklari qabul parametrlarini davlat granti va to‘lov-kontraktga ajratgan holda OTMlar va tillar kesimida tasdiqlab, Bilim va malakalarni baholash agentligiga taqdim etadi.

2024/2025 o‘quv yilidan har bir ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasining ulushi ta’lim sohalari (bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari) kesimida davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Kelasi yildan davlat buyurtmasi parametrlari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan shakllantiriladigan oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan talab prognoziga muvofiq 4 yillik davr uchun tasdiqlanadi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisining 2024/2025 o‘quv yilidan OTMlar talabalariga davlat grantini ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant va ta’lim granti shaklida ajratadi.

Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant belgilangan imtiyoz bo‘yicha davlat granti va maqsadli qabul doirasida talabalikka qabul qilinganlarga, tarmoq va sohalarning, davlat organlari va tashkilotlarining grantlari sohiblari uchun ajratiladi.

Ta’lim granti davlat buyurtmasi parametrlari doirasida oliy ta’lim tashkilotiga qabul qilingan talabalar uchun ajratiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalarga ta’lim granti bir o‘quv yili uchun taqdim etiladi.

Grantlar birinchi kursda OTMlarga ajratilgan davlat buyurtmasi kvotasiga muvofiq kirish imtihonlarida yuqori ball to‘plagan talabalarga beriladi.

Ikkinchi va undan keyingi kurslarda esa yuqori ko‘rsatkichlariga erishgan va faol talabalar orasida tabaqalashtirilgan tartibda qayta taqsimlanadi.

Ta’lim granti tabaqalashtirilgan tartibda moliyalashtiriladi va stipendiya faqat to‘liq ta’lim grantini yutgan talabalarga to‘lanadi.

Ijtimoiy-rag‘batlantiruvchi grant egalariga davlat granti o‘qish davri uchun to‘liq hajmda taqdim etiladi.

Ta’lim granti asosida tahsil olgan talabalarning o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng kamida 3 yil ishlab berish majburiyati bekor qilinadi.

Grant va kontrakt asosida o‘qishga qabul qilishning minimal o‘tish bali tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining oldingi o‘quv yilidagi o‘rtacha o‘tish ballari asosida komissiya tomonidan belgilanadi.

Hududlar, sohalar va tarmoqlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun davlat buyurtmasi parametrlari doirasida maqsadli qabul kvotalari ajratiladi.

Davlat organlari va tashkilotlari hamda ustav fondida davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari maqsadli qabul buyurtmachilari hisoblanadi hamda kadrlarga bo‘lgan o‘z ehtiyojlarini komissiyaga taqdim etadi.

Hududlar kesimida maqsadli qabul tegishli hududda doimiy yashaydigan hamda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarini tamomlagan abituriyentlar orasida tanlov asosida amalga oshiriladi.

Maqsadli qabul kvotasi doirasida talabalikka tavsiya etilgan fuqaro bilan manfaatdor tuman (shahar) hokimiyati, sohaviy davlat organi va OTM o‘rtasida to‘rt tomonlama shartnoma tuziladi.

Bunda talabani ish bilan ta’minlash va uning o‘qishni yakunlagandan so‘ng ishlab berishini monitoring qilish kadr buyurtmachisi zimmasiga yuklanadi.

2024/2025 o‘quv yili qabulidan OTMlarning boshqa ta’lim shakllariga umumiy qabul parametri kunduzgi ta’lim shakli uchun belgilangan qabul kvotasidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.

May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

2024/2025 o‘quv yilidan boshlab noiqtisodiy ta’lim yo‘nalishidagi OTMlarda moliyaviy savodxonlik asoslari o‘qitiladi.