27-may kuni Shavkat Mirziyoyev va Rossiya prezidenti Vladimir Putin delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda muzokaralarni davom ettirdilar.

Unda tomonlar o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, SHHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

So‘nggi 7 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshdi. Tomonlar yangi maqsadli ko‘rsatkichga — yaqin istiqbolda savdo hajmini $30 mlrdga yetkazishga kelishib oldilar. Buni amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.

Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, farmatsevtika, sun’iy intellekt va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda $20 mlrddan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi. Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.

Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, tashrif doirasida O‘zbekistonda kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlar imzolanadi.

Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi. Madaniyat va san’at, fan, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.

Tomonlar O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlar erishilganini olqishladilar.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yo‘l xaritalari"ni qabul qilishga topshiriq berdilar.

Yil boshida O‘zbekiston va Rossiya ustav kapitali $500 mln bo‘lgan qo‘shma investitsiya fondini tashkil etishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.