O‘zbekiston va Rossiya ustav kapitali $500 mln bo‘lgan qo‘shma investitsiya fondini tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi Rossiya prezidenti matbuot xizmati.

21-fevral kuni ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Qozon shahrida ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Tomonlar tovar ayirboshlashning ijobiy dinamikasi va sanoat, energetika, transport, kimyo va farmatsevtika sohalarida loyihalar amalga oshirilayotganini qayd etishdi.

“Biz ko‘rib chiqqan fond… Bu [savol] muhokama qilinmoqda va u balki juda yaxshi, samarali instrument, natijada yaxshi to‘ldirilgan vosita bo‘lishi mumkin. Ha, $500 mln biz belgilagan rejalarni amalga oshirish uchun yaxshi moliyaviy asosdir”, — dedi Vladimir Putin.

Prezidentlar, shuningdek, transport koridorlarini birgalikda rivojlantirish, temir yo‘l transporti sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish masalalarini ham ko‘rib chiqishdi.

“Transport bilan bog‘liq jiddiy masala — bu Afg‘oniston orqali yangi temir yo‘l qurilishi. [Rossiya transport vaziri Vitaliy] Savelev kelgan, biz kelishdik, rossiyalik hamkasblarimizning bu masala bo‘yicha loyihani TA (texnik asoslash — „Spot“ izohi), undan keyin esa ilgari surishda ishtirok etishidan manfaatdormiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, 2024-yilda Rossiya ishtirokida $5 mlrdlik investitsiyani o‘zlashtirish rejalashtirilgan, mamlakatda jami $45 mlrdlik istiqbolli loyihalarga sarmoya kiritish salohiyati mavjud, deya qo‘shimcha qildi prezident.

Avvalroq Rossiyaning “Inter RAO” energetika kompaniyasi O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatlarini o‘rganayotgani haqida xabar berilgandi.