Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni iqtisodiyot tarmoqlarida energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Hududlarda elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilmoqda.

Unga ko‘ra, energiya auditi faqat xalqaro standartlar asosida o‘tkaziladi. Tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ijrosi nazorat qilinadi.

Bu borada shaffoflikni ta’minlash uchun energiya auditi xulosalari va undan keyin erishilgan natijalar yillik biznes-rejalariga kiritilib, kuzatuv kengashida tasdiqlanadi.

Har bir tashkilot rahbarlariga energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etiladi. Iste’molchilar tomonidan elektr va gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun amaldagi tarifga o‘suvchi koeffitsientni qo‘llagan holda qayta hisob-kitob qilish tartibi belgilanishi mumkin.

Shuningdek, iste’molchilar tomonidan majburiy energiya auditi o‘tkazish natijasida belgilangan chora-tadbirlarni muddatida bajarilmasligi, ularning bajarilishidan iqtisod qilinishi kutilgan yoqilg‘i-energetika resurslari qiymati miqdorida jarima qo‘llash tartibini joriy qilish masalasi o‘rganilmoqda.

Tashkilotlar, hududlar va ko‘chmas mulk obyektlari kesimida energiya iste’moli reytingini joriy etish taklifi bildirildi. Bunda Energetika vazirligi tomonidan energiya sig‘imi eng yuqori va eng past bo‘lganlarning “10 taligi” yuritilib, OAVda yoritib boriladi.

Davlat rahbari taqdim etilgan takliflarni aloqador vazirlik va idoralar bilan birgalikda puxta ishlab chiqish, ko‘rsatkichlarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish maqsadga muvofiqligini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda joriy yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi. Prezident mutasaddilarga tayyorgarlik ishlarini hozirdan boshlash va zarur ishlarni o‘z vaqtida amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Xususan, elektr va issiqlik stansiyalari uzluksiz va barqaror ishlashi uchun zarur yoqilg‘i resurslari, butlovchi va ehtiyot qismlarning zaxiralarini shakllantirish, energetika infratuzilmasini ta’mirlash va modernizatsiya qilish belgilandi.

Mart oyi boshida barcha davlat idoralarida energiya menejeri lavozimini joriy etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Amaldagi rahbar o‘rinbosarlaridan biriga energiya samaradorligi va energiya tejamkorligi bo‘yicha vazifalar yuklatiladi.