Buxoroda “Yangi O‘zbekiston” massivi va istirohat bog‘i barpo etilishi rejalashtirilgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev 31-may kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida bo‘ldi.

Loyiha ikki bosqichdan iborat bo‘lib, 1380 xonadonli 71 ta ko‘p qavatli uy, ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahalla markazi va xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurishni nazarda tutadi.

Birinchi bosqichda 12 ko‘p qavatli uy, maktab, bolalar bog‘chasi, poliklinikalar foydalanishga topshirildi.

Prezident Buxoro shahrida “Yangi O‘zbekiston” massivi va istirohat bog‘i qurilishi loyihasining g‘oyaviy mazmuni va texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

So‘nggi yillarda Buxoro viloyatida yo‘l qurilishi hajmi to‘rt barobardan ziyod — 2023-yilda 250−300 kilometrdan 1255 kilometrgacha ko‘paydi.

Joriy yilda viloyatda 1316 kilometr avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash rejalashtirilgan.

Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida G‘ijduvon tumanidan Turkmaniston bilan chegaragacha bo‘lgan 155 kilometrlik avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilish loyihasi tasdiqlandi.


Avvalroq “Spot” Shavkat Mirziyoyev Buxoroda uchta loyiha qurilishiga start bergani haqida yozgandi.

Viloyatda gaz-kimyo majmuasi, quyosh elektr stansiyasi hamda Buxoro xalqaro aeroporti qurilishi rejalashtirilgan.