Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasasiga joylashtirish bo‘yicha onlayn ariza berish imkoniyati yaratilgan.

Bunda bolani 3 yoshga to‘lgach hamda tegishli navbat kelgandan so‘ng yo‘llanma asosida joylashtirish mumkin.

Xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish bepul va buning uchun ortiqcha hujjat talab etilmaydi.

Bog‘chaga berish haqida ariza to‘ldirilayotganda tanlangan bog‘chada bo‘sh o‘rin mavjud yoki mavjud emasligi avtomatik ravishda ma’lum bo‘ladi.

Agar bo‘sh o‘rin bo‘lmasa:

  • bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lgan boshqa bog‘chani tanlash (yo‘llanma olish);
  • bo‘sh o‘rin bo‘lganda yo‘llanma olish uchun navbatga kirish (bunda bir yo‘la 2ta bog‘chani tanlash mumkin).

Taqdim etgan anketada ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi yo‘llanmalar berishning rad etilishi uchun asos hisoblanadi. Boshqa asoslar bo‘yicha yo‘llanma berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Dastlab, my.gov.uz platformasidan OneID bilan shaxsiy hisobga kiriladi. Qanday qilib hisob ochish bo‘yicha “Spot” qo‘llanmasi bilan bu yerda tanishish mumkin.

Undan keyin, “Oila va bolalar” sahifasidan “Bolani bog‘chaga joylashtirish” xizmati tanlanadi.

bolalar bog'chasi, bolani bog‘chaga joylashtirish, qo‘llanma, yagona portal

Mazkur xizmat tanlagandan keyin “Xizmatdan foydalanish” tugmasi bosiladi va navbatdagi sahifada telefon raqam kiritiladi. So‘ng bog‘chaga joylashtiriladigan farzand tanlanadi. Agar ma’lumotlar avtomatik shakllanmasa, ularni qo‘lda kiritib chiqish kerak.

Bu jarayonda dastlab tug‘ilganlik to‘g‘risidagi hujjat shakli belgilanadi, keyingi qatorda guvohnoma seriyasi va raqami kiritilsa, bola va ona haqidagi ma’lumotlar avtomatik shakllanadi.

Agar ariza beruvchida bog‘chaga joylashish uchun imtiyoz mavjud bo‘lsa, Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilishi kerak.

bolalar bog'chasi, bolani bog‘chaga joylashtirish, qo‘llanma, yagona portal

Bola haqidagi ma’lumotlar to‘ldirilgach, hudud, tuman va maktabgacha ta’lim muassasasi raqami yoki nomi belgilanadi.

bolalar bog'chasi, bolani bog‘chaga joylashtirish, qo‘llanma, yagona portal

So‘ng xaritada tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalarining joylashgan manzili ko‘rsatiladi.

bolalar bog'chasi, bolani bog‘chaga joylashtirish, qo‘llanma, yagona portal

Xaritaning pastki qismida arizachi tanlagan bog‘chasi haqida ma’lumotlar paydo bo‘ladi: qaysi mahallada joylashgani, muassasa rahbari ism-familiyasi, sig‘imi, joylashtirilgan bolalar soni, hozirda mavjud navbat va imtiyozli navbatlar soni ko‘rsatiladi.

Shuningdek, guruhlar soni, nechta bola qabul qilinishi va hozirda mavjud bo‘sh joylar hamda qabul qilinishi kutilayotganlar soni haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.

bolalar bog'chasi, bolani bog‘chaga joylashtirish, qo‘llanma, yagona portal

So‘ng, bo‘sh joy mavjud bo‘lgan guruh tanlanib ariza jo‘natiladi. Keyingi bo‘limlarda navbatni tekshirish va navbatdan chiqarish amallarini bajarish mumkin.

Yo‘llanma bo‘sh joy paydo bo‘lgan kundan boshlab bir ish kuni ichida taqdim etiladi. Uni olgandan keyin 15 kun ichida bog‘chaga olib borish kerak.

Ushbu muddat o‘tgandan keyin taqdim etilgan yo‘llanmalar qabul qilinmaydi. Bola bog‘chaga yo‘llanma taqdim etilgandan keyin bir ish kuni ichida qabul qilinadi.

Quyidagi shaxslarga bolani bog‘chaga qo‘yishda imtiyozlar beriladi:

  • I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;
  • ko‘p bolali oilalar;
  • yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolganlar;
  • “Ayollar daftari"ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollar;
  • kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlari;
  • talabalar va pedagoglar;
  • akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanayotganlar;
  • ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bog‘chalardan umumiy turdagi bog‘chalarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar.

Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin.


Avvalroq “Spot” ipoteka krediti uchun subsidiyaga arizalarni qanday jo‘natish mumkinligi bo‘yicha qo‘llanma taqdim etgandi.