Savdo-sanoat palatasi “Yosh tadbirkor” tanlovida ishtirok etish uchun arizalar qabuli boshlanganini e’lon qildi.

Tanlov Shavkat Mirziyoyev tomonidan e’lon qilingan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili"da amalga oshirishga qaratilgan Davlat dasturi doirasida o‘tkazilmoqda.

Tadbir o‘zbekistonlik yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilmoqda.

Tanlovda biznes-reja, innovatsion loyiha yoki startap g‘oyasi bo‘lgan 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Tanlov to‘rt bosqichda o‘tkaziladi.

Birinchi bosqichda mahallalar bo‘yicha tanlovda ishtirok etish istagini bildirganlar ro‘yxati shakllantiriladi.

Keyin tuman bosqichi doirasida oilakredit.uz platformasi orqali oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olish uchun ariza topshirish kerak.

Platformaning ball tizimidan ijobiy baho olgan va hokim yordamchisining tavsiyasiga ega bo‘lgan nomzodlar moliyaviy savodxonlik testini topshirishga taklif qilinadi. Hududiy bosqichga yo‘llanma olish uchun kamida 60 ball to‘plash kerak bo‘ladi.

Keyin ishtirokchilar o‘z loyihalarini mutaxassislarga taqdim etishlari kerak. Har bir hududdan beshta eng yaxshi loyiha tanlovning respublika bosqichida yoshlar oromgohiga taklifnoma oladi.

Final ishtirokchilari tadbirkorlik asoslarini qamrab oluvchi ikki kunlik seminarda qatnashadilar. Shundan so‘ng, ular o‘z loyihalarini uchta eng yaxshi tashabbusni tanlab oladigan tanlov komissiyasiga taqdim etishlari kerak.

Birinchi o‘rin uchun mukofot to‘lovlari miqdori 50 mln so‘m, ikkinchi va uchinchi o‘rinlar uchun mos ravishda 40 mln va 30 mln so‘mni tashkil etadi. G‘oliblarga malaka oshirish uchun xorijga sayohatlar ham taqdim etiladi.

Bundan tashqari, barcha finalchilar loyihani rivojlantirish uchun BHMning 1000 baravari (340 mln so‘m)gacha imtiyozli kredit olish bo‘yicha tavsiyanomalar oladi.

Batafsil ma’lumotni yoshlarportali.uz saytida bilib olish va ro‘yxatdan o‘tish mumkin.


Avvalroq “Spot” startaplar tanlov asosida 1 mlrd so‘mgacha grant olishlari mumkin bo‘lishi haqida yozgandi.

Birinchi tanlov joriy yildan boshlanishi rejalashtirilmoqda. Nomzodlardan arizalar onlayn shaklda qabul qilinadi.