Fransiyaning “CMA CGM Air Cargo” kompaniyasi “Navoiy” xalqaro aeroporti orqali Xitoyga parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha “Uzbekistan Airports”, O‘zaviatsiya agentligi va O‘zaeronavigatsiya markazi “CMA CGM Air Cargo” yuk aviakompaniyasi bosh direktori Damen Mazauder boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Havo tashuvchisi Airbus A330 samolyotlarida haftasiga besh marta parvozlarni amalga oshiradi.

Navoiy aeroporti aviakompaniya samolyotlarining texnik qo‘nishi, yoqilg‘i quyishi va ekipaj almashinuvi uchun to‘xtash punktiga aylanishi rejalashtirilmoqda.

Fransiya kompaniyasi vakillariga “Navoiy” aeroportining texnik va ekspluatatsion imkoniyatlari ko‘rsatildi.

“CMA CGM Air Cargo” — shtab-kvartirasi Parijda joylashgan yuk aviakompaniyasi. Kompaniya 2021-yilda CMA CGM transport guruhining havo yuklarini tashuvchi bo‘linmasi sifatida tashkil etilgan.

2022-yilning noyabrida O‘zbekiston “Navoiy” EIZ va aeroport yuk terminalini BAAning “DP World” kompaniyasi boshqaruviga o‘tkazish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Unda davlat obyektlarini rivojlantirish bo‘yicha kompleks strategiya ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.