Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbout xizmati ayrim turfirmalar noqonuniy ravishda fuqarilarni Haj ziyoratiga jo‘natishayotgani bo‘yicha munosabat bildirdi.

Joriy yilning 23-mayidan 7-iyun kunigacha mamlakatning 10ta hududiy xalqaro aeroporti orqali Haj amalini bajarish uchun kuzatilishi belgilangan. 15 ming nafarga yaqin fuqaro Saudiya Arabistonida bo‘lib, Haj ziyoratini amalga oshirishga tayyorgarlanishmoqda.

O‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, ibodatlarini to‘liq amalga oshirishlari uchun yuqori malakali ishchi guruhi, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etilinib, barcha sharoitlar yaratilgan.

Haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart. Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar — Umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qat’iy yo‘l qo‘ymaydi.

Tushuntirish va ogohlantirishlarga qaramay, hozirda ayrim turfirmalar va uchinchi davlatlar orqali fuqarolarni haj ziyoratiga jo‘natish holatlari kuzatilmoqda.

Saudiya huquq tartibot idoralari tomonidan amalga oshirilayotgan reydlar natijasida noqonuniy ravishda Haj ziyoratini amalga oshirishga uringan shaxslarga nisbatan jazo choralari qo‘llaniladi va deport qilinadi.

Mamlakatda “Haj” tadbiri hukumating “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirishga qaratilgan qarori asosida o‘tkaziladi.

Haj tadbirini tashkil etish vazifasi sayyohlik firmasi yoki turagentliklar vakolatiga kirmaydi. Qo‘mita fuqarolarni turli aldov yo‘llari bilan hajga olib borishni va’da qilayotgan firibgarlarga ishonmaslikka chaqiradi.

May oyi boshida qo‘mita Haj safariga noqonuniy yo‘llar bilan borish jazo qo‘llashga olib kelishini bildirgandi. Bu kabi amallarni vakolatga ega bo‘lmaganlar orqali bajarishga urinish Saudiya Arabistonidan deport qilishga va $26 ming miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

“Uzbekistan Airways” “Haj-2024” dasturi doirasida Saudiya Arabistoniga charter reyslarni amalga oshiradi. Parvozlar 23-maydan 7-iyungacha olib borilib, 124ta charter yo‘lovchi parvozlarini amalga oshirish va 15 130 nafar ziyoratchini tashish rejalashtirilgan.