“Hududgazta'minot” raisi o‘rinbosari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqida Adliya vazirligi xabar berdi.

Yuridik va jismoniy shaxslarni gaz tarmoqlariga ulash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga asosan gaz tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni berish hududiy gaz ta’minoti tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi.

Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatini ko‘rsatuvchi vakolatli organlar vakillari bilan o‘tkazilgan davra suhbatida “Hududgazta'minot” tomonidan reglamentga zid ravishda hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan texnik shartlarni Jamiyatning markaziy apparati bilan kelishish amaliyoti joriy etilganligi aniqlandi.

Shuningdek, Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda hududiy gaz ta’minoti filiallari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatilishida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlarini oldini olish bo‘yicha qonuniy talab qo‘yilgan taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa-da, mazkur qonunbuzilish holatlari bugungi kunga qadar davom etib kelmoqda.

Shunga ko‘ra, kelgusida yuqoridagi qonunbuzilish holatlarini oldini olish maqsadida “Hududgazta'minot” boshqaruv raisi o‘rinbosari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 215−5-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortildi.


Avvalroq “Spot” “Hududgazta'minot"ga yangi rahbar tayinlangani haqida yozgandi.

Marufxon Xodjayev kompaniya boshqaruvi raisi etib tayinlandi. Ungacha mazkur lavozimda 2019-yildan buyon Bahodir Eshmurodov faoliyat yuritayotgandi.