Avvalroq “Toshkent City” biznes markazi hududidagi “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank"ga binolari sotuvga chiqarilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Tashkent City xalqaro biznes markazi hududidagi uchta binodan iborat uchastkani alohida lotlarga ajratdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.
Sotish jarayonini tashkil etish bo‘yicha konsultant sifatida jalb qilingan “KPMG” kompaniyasi 170dan ortiq xalqaro va mahalliy investorlarga “Aloqabank”, “Asakabank” va “O‘zsanoatqurilishbank"ning ko‘p qavatli binolarini taklif qildi.
“„Market sounding“ doirasida sohadagi salohiyatli investorlarning biznes markazlarni sotib olishga bildirgan qiziqishlarini, sotishga yondashuv mexanizmi bo‘yicha bildirgan fikrlarini, sohadagi xalqaro investorni jalb qilish imkoniyatlarini inobatga olib, biznes markazlar 3ta alohida lotlarga bo‘lgan holda uchta alohida yaxlit mulkiy majmualar sifatida sotiladi”, — deyiladi agentlik xabarida.
Binolar quyidagi asosiy xususiyatlarga ega:
- “Aloqabank”: 26 qavat, umumiy maydoni — 81 439 kv.m.;
- “Asakabank”: 26 qavat, umumiy maydoni — 66 202 kv.m.;
- “O‘zsanoatqurilishbank”: 33 qavat, umumiy maydoni — 82 284 kv.m.
Savdo jarayoni ikki bosqichda — Sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirish (Express of interest) hamda Majburiyatga ega bo‘lgan taklif (BO) taqdim etish bosqichlarida amalga oshiriladi. Biznes markazlarni baholash uchun “Katta to‘rtlik” (Big 4) turkumiga kiruvchi “Deloitte” xalqaro kompaniya jalb etiladi.
Birinchi bosqichda quyidagi ma’lumotlar taqdim etilishi kerak:
- Ishtirokchi to‘g‘risida qisqacha ma’lumot (STIR, faoliyat turi) va biznes markazlardan foydalanish rejalari.
- Ishtirokchi ustav kapitalida 5%dan ortiq ulushi mavjud aksiyadorlar/ta'sischilar va yakuniy benefitsiarlar to‘g‘risida ma’lumotlar;
- oxirgi 3 yilgi faoliyati bo‘yicha moliyaviy hisoboti.
Arizalarni o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida joriy yilning 9-sentabr kuni soat 18:00gacha ssandykbayeva@kpmg.com, ztokanov@kpmg.com hamda nshuxratov@kpmg.co.uz elektron pochtalariga jo‘natishlari kerak. Talabgorlar birnechtagacha binolarni sotib olish bo‘yicha qiziqish bildirishlari mumkin.
Qayd etilishicha, “KPMG” mazkur e’londan so‘ng yanada salohiyatli investorlarni jalb qilish maqsadida investitsiya tizerlarini tarqatish orqali marketing kampaniyasini davom ettiradi.
Avvalroq “Milliy banklararo protsessing markazi” (“Humo”)ni xususiylashtirish jarayoni boshlangani haqida xabar berilgandi.