Ba’zi Xitoy banklari rossiyalik importerlar bilan ishlaydigan yetkazib beruvchilar uchun hisob ochish bo‘yicha hududiy cheklovlar joriy qila boshladi. Bu haqda ichki manbalarga tayanib, “Vedomosti” yozmoqda.
Endi Xitoy kompaniyalari faqat asosiy faoliyatlarini amalga oshiradigan viloyatda hisob raqamlarini ochishlari mumkin.
Import qiluvchilar va vositachilar o‘rtasidagi manbalar bunday cheklovlar keng tarqalganligini tasdiqladi.
Bu qo‘shimcha qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi, chunki Xitoy kompaniyalari Rossiyadan to‘lovlarni qayta ishlash uchun yangi moliyaviy institutlarni topishga majbur.
Shuningdek, muammoga to‘g‘ri baho berish hali ham qiyinligi — rasmiy ma’lumotlar yo‘qligi va vaziyat aniq banklar yoki viloyatlarga bog‘liq bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Misol uchun, Sichuan provinsiyasidan yetkazib beruvchiga Shandong shahrida hisob ochish rad etildi, chunki bank faqat mahalliy kompaniyalar bilan ishlaydi. Ba’zi banklar to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etishmaydi, lekin hisob ochish uchun bir yilgacha kutishni taklif qilishadi.
Bungacha Xitoyning bir qator banklari Rossiyada sotib olingan yuanni qabul qilishdan bosh tortib, valyutaning “toza” va “iflos” bo‘linishini joriy qilishdi. Kelib chiqishini tekshirish uchun bank mutaxassislari valyuta operatsiyalari tarixini o‘rganadilar.
Ushbu voqealar fonida, “Reuters” xabariga ko‘ra, 5-sentabr kuni Rossiyaning bir qancha yirik banklari Markaziy bankdan yuan taqchilligini bartaraf etish choralarini ko‘rishni so‘rashgan, bu esa rubl kursining keskin tushib ketishiga olib kelgan.
“Biz yuanda kredit bera olmaymiz, chunki valyuta pozitsiyalarimizni qoplaydigan hech narsa yo‘q”, dedi “Sberbank” rahbari German Gref.
Rossiya Moliya vazirligi kelgusi oyda kunlik yuan sotuvining $200 mlngacha kamayishi haqida xabar berganidan keyin rubl yuanga nisbatan 5%ga tushib ketdi. Avgust oyida Markaziy bank yuanini har kuni $7,3 mlrdga sotdi.
Avvalroq “Spot” Turkiyaning Ziraat banki rubl hisoblarini ochishni to‘xtatgani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, rubl hisoblari egalariga pulni liraga aylantirish va xizmatlar uchun to‘lash uchun bank kartalaridan foydalanish taklif qilingan. Hozirda bank mazkur holatning sababini keltirmagan.