Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Qozog‘istonda bo‘lib turgan va tranzit yo‘nalishida harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqdi. Bu haqda agentlik matbout xizmati xabar berdi.

Qozog‘istonning turli hududlarida ishlab, O‘zbekistonga qaytish vaqtida ishonchsiz avtotransport vositalari va haydovchilar xizmatidan foydalanmaslik so‘raldi.

Avtohalokatlarning asosiy qismi, nosoz avtomobil yoki tajribaga ega bo‘lmagan haydovchilar tufayli sodir bo‘layotgani aniqlanmoqda.

Bu davlatda bo‘lib turgan hamda katta trassalarda harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolaridan yo‘llarda harakatlanishda barcha xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish tavsiya etiladi.

Shuningdek, xavfsiz va ishonchli avtotransport vositasi hamda haydovchilar xizmatidan foydalanish kerak.

Bundan oldin agentlik Rossiyaga borayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirgandi. Mamlakatga borayotgan, hududda bo‘lib turgan yoki chiqib ketayotgan fuqarolardan xavfsizlik choralariga amal qilish so‘ralgan.

Avvalroq prezidentning tashqi siyosat masalalari bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov Qozog‘iston bilan ID-karta orqali chegarani kesib o‘tishga qaratilgan loyiha muhokama qilayotganini ma’lum qilgandi.