“SpaceX” asoschisi va bosh direktori Ilon Mask “Starship” kosmik kemasini 2026-yilda Marsga uchirishga va’da berdi. Bu haqda u “X.com” (avvalgi Twitter)da yozgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “SpaceX” “Starship"ni Marsga “ikki yil ichida”, Yer va Mars o‘rtasidagi transfer oynasi ochilganda jo‘natmoqchi. Birinchi parvozlar qo‘nish xavfsizligini tekshirish uchun uchuvchisiz amalga oshiriladi.
Agar ular muvaffaqiyatli bo‘lsa, “odamning Marsga birinchi parvozlari to‘rt yildan keyin amalga oshiriladi”. Shundan so‘ng, ishga tushirish intensivligi “eksponensial ravishda o‘sadi”.
“Maqsad — taxminan 20 yil ichida [Marsda] o‘zini o‘zi ta’minlaydigan shahar qurish”, — dedi Mask.
Qayta foydalanish mumkin bo‘lgan raketalardan foydalanish kosmik parvozlar narxini pasaytiradi va boshqa sayyoralarni o‘rganishni iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq qiladi, dedi tadbirkor.
“Buning uchun foydali yukni yetkazib berish tannarxini bir tonna uchun $1 mlrddan $100 minggacha kamaytirish kerak. Juda qiyin, ammo imkonsiz emas”, — dedi Mask.
Starship haqida
“Starship” — balandligi taxminan 120 metr bo‘lgan o‘ta og‘ir raketa. U ikki qismdan iborat: birinchi bosqich — “Super Heavy” tezlatgichi va ikkinchisi — “Starship” kosmik kemasi. U Oy va Marsga bo‘lajak missiyalar uchun ishlab chiqilgan.
Qayta foydalanish mumkin bo‘lgan “Starship” kosmik kemasi 100 yo‘lovchi va 91 tonna yuk uchun mo‘ljallangan. 2018-yildann boshlab faol rivojlanish davom etmoqda. Dvigatelning birinchi sinovi 2019-yil fevral oyida bo‘lib o‘tdi va birinchi sinov parvozi o‘sha yilning avgust oyida bo‘lib o‘tdi.
Ilon Mask 2022-yilda “Starship"ning birinchi uchirilishini va’da qildi. Biroq, u “Super Heavy” uchun dvigatellarni yaratishdagi qiyinchiliklarni qayd etdi — kuchli issiqlik tufayli ularda kameralar erib ketdi.
Birinchi sinovlar 2023-yil aprel oyida o‘tkazilgan. Bosqichlarni ajratish paytida muammolar yuzaga keldi, shuning uchun parvozni tugatishga majbur bo‘ldi. Ikkinchi ishga tushirish noyabr oyida bo‘lib o‘tdi va birinchisiga qaraganda uzoqroq davom etdi.
“Starship"ning uchinchi sinovli ishga tushirilishi 2024-yil 14-martda bo‘lib o‘tdi. Bu avvalgi ikkitasiga qaraganda muvaffaqiyatliroq bo‘ldi: ikkinchi bosqich atmosferaga qayta kirishga muvaffaq bo‘ldi.
Iyun oyida to‘rtinchi marta uchirishda kompaniya birinchi marta raketaning ikkala bosqichini ham Yerga muvaffaqiyatli qaytardi.