“Stellantis” kompaniyasi avtohalokat xavfini oshirishi mumkin bo‘lgan ABS dasturiy ta’minotidagi nosozlik tufayli butun dunyo bo‘ylab 1,46 mln avtomobilni chaqirib oladi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar bermoqda.
Qaytarib olish AQShda 2019 va 2021−2024-yillardagi 1,23 mlnga yaqin Ram 1500 yuk mashinasini, shuningdek, Kanadada taxminan 159 mingta, Meksikada 13 mingta va Shimoliy Amerikadan tashqarida 61 mingta avtomobilni qamrab oladi.
AQSh Milliy yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ta’kidlashicha, dasturiy ta’minotdagi nosozlik tufayli blokirovkaga qarshi tormoz boshqaruv moduli elektron barqarorlikni boshqarish tizimini o‘chirib qo‘yishi mumkin.
Muammo shundaki, transport vositalari elektr barqarorligini nazorat qilish tizimlari uchun federal avtotransport xavfsizligi standartiga javob bermaydi.
“Stellantis"ning ta’kidlashicha, agar muammo yuzaga kelsa, avtomobil ishga tushirilganda ABS, ESC, adaptiv kruiz nazorati va to‘qnashuv haqida ogohlantirish chiroqlari yonadi, bu tizimlar ishlamayotganligini ko‘rsatadi.
Kompaniya asosiy tormozlash ishlayotganini, jarohatlar yoki baxtsiz hodisalar haqida xabardor emasligini ma’lum qildi.
Shuningdek, shanba kuni “Stellantis” asboblar panelidagi ichki qisqa tutashuv muammosi tufayli taxminan 2020−2024 yillarda chiqarilgan 33 mingta “Jeep Gladiator” va 2018−2024 yillardagi “Jeep Wrangler” avtomobillarini chaqirib olishini aytdi.
Avvalroq “Spot” BMW butun dunyo bo‘ylab 140 mingdan ortiq elektromobillarini qaytarib olishi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, elektromobillarning qaytarib olinishiga akkumulyatorlar bilan bog‘liq muammolar sabab bo‘lgan.