Toshkent shahar IIBB talabalarni ijaraga uy olishda firibgarlardan ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 9-sentabridan Oliy ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi. Poytaxtga kelib, ijara uylarga joylashayotgan talabalardan ham g‘arazli maqsadlarda foydalanayotganlar uchramoqda.

Xususan, firibgarlar ijtimoiy tarmoqlarda yoki e’lonlar joylashtiriladigan ilova hamda veb-saytlarda arzon narxlarda ijaraga uy taklif qilishadi. Agar unga qiziqish bildirilsa, firibgarlar xaridor ko‘pligini sabab qilib, uni band qilish uchun oldindan pul talab qilishadi.

“Barcha firibgarlar bank plastik karta raqamlarini taqdim etganidan so‘ng kelishilgan pulni tashlab berishingizni so‘raydi. Bu esa sizga qo‘yilgan asosiy tuzoqdir. Ya’ni, siz pul o‘tkazmasini amalga oshirganingizdan so‘ng uy egasini ham, pullaringizni ham qaytib ko‘rmaysiz”, — dedi Toshkent shahar IIBB axborot xizmati xodimi Sheroz Muhammadov.

Boshqarma talabalarning firibgarlar tuzog‘iga tushib qolmasliklari uchun quyidagi tavsiyalarga amal qilishni so‘ramoqda:

  • internetda ko‘rgan har qanday e’lonlarga ishonib qolmaslik;
  • uyni ko‘rmasdan oldin to‘lov qilmaslik va iloji bo‘lsa, ishonchli mutaxassislar bilan ishlashish;
  • ijara shartnomasi tuzishga alohida e’tibor berish.

1-avgustdan barcha bosqich talabalari uchun turar joyga arizalar qabuli boshlandi. Ularni Yagona portal orqali bepul jo‘natish mumkin. Hozirda 1-kurs talabalaridan ham yotoqxonaga arizalar qabul qilinmoqda.

Tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida taqsimlanadi. Bunda 1-kurs talabalari uchun yotoqxonalar 55−65%gacha ajratilishi kerak.

Arizani ko‘rib chiqishda ayrim toifaga kiruvchi talabalar ustuvorlikka ega. Xususan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, reyestrga kiruvchi oilalar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan talabalar, “Yil talabasi” tanlovi g‘oliblari va boshqalar shular jumlasidan.

Avvalroq kontrakt pulini to‘lash muddatlari belgilangandi. 1-kursga qabul qilinganlar 15-sentabrgacha, ikki va undan yuqori kurs talabalari esa 1-oktabrgacha kontrakt miqdorining kamida 25%ini to‘lashlari kerak.

Endi qabul jarayonida ikkinchi-beshinchi yo‘nalishga grant yoki kontrakt asosida kirgan talabalar o‘z xohishlari bilan ustuvorligi bo‘yicha tanlagan birinchi yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishlari mumkin. O‘qishga kira olmagan abituriyentlar ham super-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Hozirda kontrakt.edu.uz sayti orqali super-kontrakt uchun onlayn arizalar qabul qilinmoqda. Shu bilan birga, mazkur saytdan to‘lov-shartnomasini olish uchun onlayn arizalar qabul qilinadi.