“Centrum Air” Toshkent va Guanchjou o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, parvozlar 3-noyabrdan boshlanadi. Haftaning yakshanba kunlari borish, dushanba kunlari esa qaytish reyslari amalga oshiriladi.

Bir tomonlama chipta narxi 9,2 mln so‘mdan boshlanadi (narx e’lon qilingan paytda amal qiladi).

Avvalroq Xitoyning “China Southern” aviakompaniyasi O‘zbekistonga reyslar sonini ko‘paytirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Xususan 2025-yildan boshlab “China Southern” haftada uch marta Urumchi orqali Guanjoudan Toshkentga uchadi.

Bungacha aviakompaniya 2023-yil avgust-sentyabr oylarida O‘zbekistonga parvozlarni kengaytirgan edi.

Keyin Urumchidan Samarqandga ucha boshladi, shuningdek, Toshkent va Pekin o‘rtasidagi reyslar chastotasini haftasiga to‘rttagacha oshirdi.

Iyun oyida bo‘lib o‘tgan C5+1 fuqaro aviatsiyasi konferensiyasida O‘zbekiston va Xitoy mamlakatlar o‘rtasidagi umumiy parvozlar sonini haftasiga 100 taga yetkazishga kelishib oldi. Uchishga ruxsat berilgan kompaniyalar soni ikki baravar ko‘paydi.

Hukumat tomonidan tayinlangan xitoylik aviatashuvchilar Xitoyning istalgan shahridan O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarga rejali reyslarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston kompaniyalari uchun ochiq bo‘lgan Xitoy havo bandargohlari soni 12taga ko‘payadi.