11-noyabr kuni Toshkentda noqonuniy tashqi reklamani olib tashlash bo‘yicha reyd o‘tkazildi, deya xabar berdi bir nechta tuman hokimliklari matbuot xizmati.

Mirobod tumanida Shahrisabz, Islom Karimov, Nukus va Farg‘ona yo‘li ko‘chalaridagi 120dan ortiq reklama bannerlari va taxtalari demontaj qilindi. Reyd tuman hokimligi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

“Tadbir davomida o‘rnatilgan reklama konstruksiyalarining amaldagi me’yorlarga muvofiqligi sinchkovlik bilan tekshirildi,” — deyiladi hokimlik xabarida.

O‘z navbatida, Yakkasaroy tumanining Bobur va Nukus ko‘chalaridagi 16 qavatli uyning old tomonida joylashgan reklama banneri demontaj qilindi. Olib tashlash to‘g‘risidagi qaror aholi murojaatlari asosida o‘rganilib, vakolatli organlar tomonidan qabul qilindi.

Fotо: Yakkasaroy tumani hokimligi matbuot xizmati

Bundan tashqari, ko‘cha va magistral yo‘llar chetida joylashgan noqonuniy reklama konstruksiyalarini demontaj qilish bo‘yicha reyd Chilonzor tumanida ham o‘tkazildi.

Xususan, tuman Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari tomonidan ko‘p qavatli binolarning fasadlaridan reklama bannerlari olib tashlangan.

Xuddi shunday reyd Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida ham ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.

Poytaxtning boshqa tumanlari hokimliklari reydlar haqida xabar bermagan. Toshkent shahri hokimligi tekshiruv o‘tkazilganiga izoh bermadi.

Joriy yilning iyun oyida Toshkentda turar-joy binolaridagi mozaikalar reklama bannerlaridan tozalangandi. Jami 70dan ortiq mozaikalar tashqi to‘siqlardan xalos etilgan.


Avvalroq “Spot” Toshkentda noqonuniy reklama konstruksiyalari olib tashlanishi haqida yozgandi.

Bozor ishtirokchilari uchun teng sharoitlar yaratish hamda jarayon shaffofligini ta’minlash uchun Tashqi reklama tizimi ishlab chiqiladi.