Shavkat Mirziyoyev 4-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, investitsiyalarni ko‘paytirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yil boshidan buyon viloyatda $2 mlrd investitsiya o‘zlashtirilgan. 565 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, 90 ming odam kambag‘allikdan chiqarilgan. Yil yakunigacha yalpi hududiy mahsulot 6%dan ziyod o‘sishi, eksport $555 mlnga yetishi kutilmoqda.
Keyingi yildan Qashqadaryo kartoshka, meva, parranda go‘shti va tuxum bo‘yicha o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlashga o‘tadi. Bu borada xorijiy investorlar ishtirokida 16ta yirik loyiha shakllantirilgan.
Misol uchun, G‘uzor, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida 300 gektarda zamonaviy bog‘ barpo etiladi. Unda yiliga qo‘shimcha 4 ming tonna meva yetishtirilib, 600ta ish o‘rni yaratiladi. Ko‘kdala, Chiroqchi, Shahrisabz, Koson va Nishon tumanlari hududida qovun va organik sabzavotlar yetishtirish kengaytiriladi. Tarvuz konsentranti tayyorlash, shok usulida muzlatish va sublimatsion quritish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda chorvachilikni rivojlantirishga uchun mintaqa va Yevropa davlatlaridan 62 ming bosh qo‘y, qariyb 10 ming bosh qoramol olib kelinib, aholi va chorvachilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya asosida boqiladi. Qarshi va Qamashida 1 ming boshli chorvachilik klasteri, 1 mln boshli parrandachilik fabrikasi tashkil etiladi.
Paxtachilikda tayyor mahsulotlar ulushini ko‘paytirish maqsadida $233 mlnlik 5ta to‘qimachilik korxonasi ishga tushiriladi. Natijada mato ishlab chiqarish quvvati 51%ga ko‘tariladi.
Shahrisabzdagi Miraki va Qamashidagi Maydanak qishloqlari, Mirishkor tumanidagi “Achinko‘l” va “Sechanko‘l” kabi maskanlarga $300 mln investitsiya kiritib, 200dan ziyod mehmon uylari va mingta savdo shoxobchasi tashkil etish, 5 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan
Tadbirkorlar viloyatdagi 147ta noruda qazilma konlari negizida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayapti. Bunga $209 mln investitsiya kiritiladi, konlar bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi.
Qashqadaryodagi 6ta yirik korxona 1-noyabrdan boshlangan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturiga hissa qo‘shib, keyingi yil 10 mingdan ziyod fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish tashabbusini bildirgan.
Bundan tashqari, banklar ishtirokida 86ta drayver loyihani va 33 mingta mikroloyihani ishga tushirib, yana 70 ming insonni daromadli qilish ko‘zda tutilgan. Bular orqali viloyatda kambag‘allik darajasi hozirgi 8,6%dan 6,5%ga pasayadi.
Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi shu kabi rejalarni taqdimot qildi. Jumladan, kelgusi yilda $3,5 mlrd investitsiya jalb qilish, eksportni $1 mlrdga yetkazish, 300 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan.
Davlat rahbari bugungi ko‘rsatkichlar viloyat imkoniyatlariga mos emasligini ta’kidlab, natijadorlikni oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Tashabbuskorlar bilan ishlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida yana $300 mlnlik loyihalarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq Farg‘onaning Tojikiston bilan chegara hududida Termizdagi kabi savdo zonasi tashkil etilishi xabar berilgandi. Viloyatning Qo‘qon erkin iqtisodiy zonasida umumiy qiymati $1 mlrdlik 185ta loyihani joylashtirish rejalashtirilmoqda.