“O‘zbekiston temir yo‘llari” talabalar uchun poyezd chiptalariga chegirma e’lon qildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” matbuot xizmati xabar bermoqda.

Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalar temir yo‘l hujjatining to‘liq qiymatidan 50%gacha chegirma bilan foydalanishlari mumkin.

Arzonlashtirilgan narxlar joriy yilning 23-dekabridan 2025-yilning 10-yanvarigacha bo‘lgan barcha mahalliy yo‘nalishdagi qatnovlarga amal qiladi.

Biroq, chegirmalar SV/VIP klass vagonlariga va yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdiga taqdim etilmaydi.

Chiptalarni sotib olish uchun talabalar pasport bilan temir yo‘l kassalariga tashrif buyurish yoki eticket.railway.uz saytidan foydalanish mumkin.

Bundan tashqari, chiptalarni elektron xarid qilishda Android va iOS ilovalaridan foydalanish imkoniyati ham mavjud.

Avvalroq “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi talabalar uchun 50%gacha chegirma e’lon qilgandi. Undan o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari talabalari mahalliy yo‘nalishlardagi parvozlarda foydalanishlari mumkin.

Chegirma joriy yilning 23-dekabridan boshlab, kelasi yilning 7-yanvarigacha bo‘lgan aviaqatnovlarning ekonom-klas toifasidagi chiptalar uchun amal qiladi.

Joriy o‘quv yili uchun beriladigan qishki ta’til joriy yilning 25-dekabridan 2025-yilning 7-yanvariga qadar etib belgilangan. Bu OTMi talabalari, texnikum, kollej, kasb-hunar maktabi va akademik litseylar o‘quvchilari uchun amal qiladi.