O‘zbekiston Pokiston bilan Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Bu haqda Islom Respublikasining JSTdagi doimiy vakili Ali Sarfraz Husayn ma’lum qildi.

Ikki davlat vakillari joriy yilning 6-dekabr kuni tegishli protokolni imzoladilar. Uchrashuvda O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ham ishtirok etdi.

“Bayonnoma qardosh mamlakatni Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga yaqinlashtiradi”, — dedi Husayn.

Bundan tashqari, Tailandning JSTdagi vakili Pimchanok Pitfild ham O‘zbekistonning tashkilotga a’zo bo‘lishi to‘g‘risidagi protokolni imzolaganini ma’lum qildi.

“Biz O‘zbekistonni ko‘p tomonlama savdo tizimiga tez orada qo‘shilishini intiqlik bilan kutyapmiz va JST oilasiga a’zolik O‘zbekistonga ko‘proq savdo va investitsiyalarni olib kelishiga ishonamiz. Bu ikki tomonlama mavjud savdo aloqalarini mustahkamlash va kelajakda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga intilishimizning tasdig‘idir”, — deya qayd etgan u.

So‘nggi oylarda O‘zbekiston AQSh, Xitoy, Filippin va Salvador bilan JSTga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Shuningdek, bu yil Isroil, Braziliya, Shri-Lanka va boshqa davlatlar bu borada qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi.

Prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov mamlakat yana bir qator davlatlar — Rossiya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi va boshqalar bilan muzokaralarni yakunlashi kerakligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, u mamlakatda savdoni tartibga solish bo‘yicha qabul qilinishi rejalashtirilayotgan notarif chora-tadbirlar haqida qayd etdi.

JSTga a’zo bo‘lish harakatlari

2023-yilning iyunida O‘zbekistonda JST masalalari bo‘yicha maxsus vakil lavozimi joriy etildi. Uning asosiy vazifalaridan biri JSTga a’zo bo‘lish jarayonini jadallashtirish, mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatining natijadorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirish hisoblanadi.

Sentabrda Shavkat Mirziyoyev JST bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala bilan a’zolik masalalarini ko‘rib chiqdi. Tomonlar qonunchilikni JST bitim va qoidalariga muvofiqlashtirishga kelishishdi. O‘zbekiston 2026-yilgacha tashkilotga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqda. JST ishchi guruhi mamlakatni “qo‘shimcha majburiyatlarni olishga” chaqirgan.

Prezident avgust oyida tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda JSTga a’zo bo‘lishni “islohotlarning ajralmas qismi” deya ta’kidladi. Davlat rahbarining qayd etishicha, proteksionizm O‘zbekistonning rivojlanish imkoniyatlarini cheklaydi.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lganda o‘tish davridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini ma’lum qildi. Bojxona bojlari tashkilotga a’zo boshqa davlatlar bilan tuzilgan kelishuvlar asosida belgilanadi.

Sentabr oyida O‘zbekiston 18ta davlat bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunladi. Braziliya va Shri-Lanka bilan bozorga kirish bo‘yicha muzokaralarni tugatish to‘g‘risida protokollar imzolandi. Azizbek Urunov tashkilotga a’zolik 5−7 yil ichida mamlakat iqtisodiyotining qo‘shimcha 17%ga o‘sishiga yordam berishini qayd etdi.

Noyabr oyida O‘zbekiston AQSh bilan bir yildan ortiq davom etgan muzokaralarni yakunlashi natijasida Qo‘shma Shtatlar mamlakatni qo‘llab-quvvatlagan 21-davlatga aylandi.

Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida quyi palatada qonunchilikni JST bitimlariga uyg‘unlashtirish masalalari bo‘yicha parlament komissiyasini tuzishni taklif qildi.