“Instagram” “sinov videolar” deb nomlangan yangi funksiyani ishga tushirayotganini e’lon qildi. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.

Bu funksiya obunachilarga ko‘rsatishdan oldin o‘z videolarini sinab ko‘rishni istaydigan ijodkorlar uchun mo‘ljallangan.

Yangilik kontent bilan tajriba o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi, qaysi format yoki mavzular auditoriyaga eng yaxshi ta’sir qilishini aniqlashga yordam beradi.

Qayd etilishicha, bu orqali ijodkorlar o‘z obunachilari uchun eng maqbul kontentni yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

instagram, sinov

Nashr qilinganidan keyingi dastlabki 24 soat ichida, muallif videoga bo‘lgan munosabat haqida ma’lumotlarni oladi. Asosiy ko‘rsatkichlar qatoriga ko‘rishlar soni, yoqtirishlar, izohlar va ulashishlar kiradi. Bu ko‘rsatkichlar video yangi auditoriyani qay darajada jalb qilganligini aniqlashga yordam beradi.

Agar test natijalari muallifni qoniqtirsa, u yo o‘z obunachilari uchun rolikni qo‘lda e’lon qilishi, yoki avtomatik tarqatishni sozlashi mumkin.

Ikkinchi variant, agar “Instagram” dastlabki 72 soat ichida ko‘rishlarning muvaffaqiyatli ko‘rsatkichlarini qayd etsa, ishga tushadi.

Sinov roliklarining asosiy afzalligi shundaki, ular asosiy auditoriyaning qiziqishini yo‘qotish xavfi bo‘lmagan holda yangi g‘oyalarni sinab ko‘rish imkoniyatini beradi.

Ko‘plab blogerlar o‘z akkauntlarining odatiy mavzusidan tashqari chiqadigan kontentni joylashtirishdan cho‘chishlarini tan olishadi.

Yangi vosita tufayli turli xil formatlar, syujetlar yoki uslublar bilan tajriba o‘tkaz mumkin, bunda ehtimoliy salbiy munosabatdan xavotirlanish shart emas.

Masalan, agar muallif odatda ta’lim beruvchi videolar chiqaradigan bo‘lsa, u hazil-mutoyiba qo‘shib ko‘rishi va bunga bo‘lgan munosabatni baholashi mumkin. Agar yangi uslub yuqori darajada qiziqish uyg‘otsa, videoni darhol asosiy auditoriyaga taqdim etish imkoniyati tug‘iladi.

Bundan tashqari, “sinov videolari” brendlar uchun foydali vosita bo‘lishi mumkin. Kompaniyalar keng auditoriyaga yo‘naltirilgan eng muvaffaqiyatli ijodiy g‘oyalarni tanlab, reklama kampaniyalarining samaradorligini tekshirishlari mumkin bo‘ladi.

Hozirda bu funksiya cheklangan tarzda sinovdan o‘tkazilmoqda, ammo yaqin kunlarda u barcha mos keladigan akkauntlar uchun mavjud bo‘ladi.

Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, ushbu vosita sinov bosqichidayoq ijobiy baholarga sazovor bo‘lgan. Foydalanuvchilar yangilik nafaqat mavjud obunachilarning, balki yangi auditoriyaning ham kutganlarini yaxshiroq tushunishga imkon berayotganini qayd etishmoqda.

Funksiyadan foydalanish uchun ilovani so‘nggi versiyasiga yangilash va video chop etilishidan oldin “Sinov” variantini faollashtirish kifoya. Barcha sinov videolari profildagi alohida bo‘limda, qoralamalar yonida saqlanadi.


Avvalroq “Spot” “Instagram” tasmalarda kontent tavsiyalarini olib tashlash imkonini beruvchi funksiyani qo‘shishi haqida yozgandi.

Foydalanuvchilar postlarda “qiziqarli” yoki “qiziqarli emas"ni tanlash orqali kontentga bo‘lgan munosabatlarini va uni ko‘proq yoki kamroq ko‘rishni xohlashlarini belgilashlari mumkin.