Prezident farmoni bilan davlat rahbarining ayrim hujjatlariga tadbirkorlar uchun yangi me’yorlarni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan, moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlarni belgilash mezonlari takomillashtiriladi. Yangidan tashkil qilingan kompaniyalarning rivojlanishini baholash ko‘rsatkichlari maqbullashtiriladi.

“BBB” toifadagi tadbirkorlarga tovarlarni import qilish va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan QQS summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi joriy etiladi.

Endi mahalliy pivo mahsulotlarini realizatsiya qilish faoliyati vakolatli organni xabardor qilish orqali amalga oshiriladi. O‘zgarishlar moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar uchun ham belgilandi.

Ular davlat soliq xizmati organining taqdimnomasiga asosan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ tomonidan bir yilga harakatsiz rejimga o‘tkaziladi. Agar ularning faoliyati bir yilda tiklanmasa, korxonalar Tadbirkorlarning yagona davlat reyestridan chiqariladi.

Kelasi yildan O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi. Ayrim tadbirkorlarga onlayn davlat xaridlarida ishtirok etishda vositachilik yig‘imiga chegirma berilib, qo‘shimcha zakalat kiritilmaydi.

Avvalroq tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha prezident farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.