O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) erkin savdo zonasi faoliyati samaradorligini oshirishga chaqirdi. Bu haqda 12-dekabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.
Aripov o‘z nutqida mamlakatning savdo munosabatlarini yanada erkinlashtirish va MDHdagi hamkorlar bilan kooperatsiya aloqalarini chuqurlashtirish borasidagi intilishi qat’iy ekanini ta’kidladi.
“Avvalo, Hamdo‘stlik makonida istisno va cheklovlarsiz erkin savdo zonasining zarur darajada va samarali ishlashini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi ishlarni faollashtirish muhim” — dedi bosh vazir.
MDH a’zolari bilan to‘siqsiz savdoga o‘tish uchun O‘zbekiston 2009-yildagi tovarlarning kelib chiqish mamlakatini aniqlash qoidalariga qo‘shilish tartib-taomillarini yakunlaydi va import qilinadigan hamda mamlakatda ishlab chiqariladigan mahsulotlarga aksiz solig‘i stavkalarini unifikatsiya qiladi.
Hozirda mamlakat ham xizmatlar erkin savdosi, faoliyatni yo‘lga qo‘yish va investitsiyalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish bo‘yicha ichki davlat tartib-taomillarini yakunlamoqda.
“Biz MDH bo‘yicha hamkorlarimizni shunga o‘xshash choralarni ko‘rishga — eng avvalo, ayrim xomashyo va oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan qo‘llaniladigan tarif va notarif choralarni bekor qilishga chaqiramiz” — dedi Aripov.
Hukumat rahbari O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan MDH doirasida investitsiyalarni jalb qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar kompleksini tez fursatda kelishish va qabul qilish zarurligini ta’kidladi.
Uning fikricha, bu investitsiya muhitini yaxshilash va o‘zaro to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishga yordam beradi. Vazir tovarlarning MDH mamlakatlari bozorlariga o‘zaro asosda kirishini soddalashtirish uchun texnik to‘siqlar to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini kelishish va muvofiqlikni baholash organlari akkreditatsiyalarini o‘zaro tan olish bo‘yicha ishlarni faollashtirishni taklif qildi.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining 14ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Joriy yilda biz rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda Toshkentda Bauman universiteti filialini ochish bo‘yicha ishlarni boshladik”, — dedi Aripov.
Yig‘ilish yakunida 18ta hujjat imzolandi, jumladan:
- transport kompleksini raqamli transformatsiya qilish sohasida MDHga a’zo davlatlarning hamkorligi to‘g‘risidagi memorandum;
- fuqarolik kemasozligini rivojlantirish va kemaning butlovchi uskunalarini ishlab chiqarishda MDHga a’zo davlatlarning hamkorligi to‘g‘risidagi bitim;
- MDH Hukumat rahbarlari kengashining MDHga a’zo davlatlarning o‘zaro savdosidagi to‘siqlar to‘g‘risidagi protokol qarori.
2023-yilning oktabrida Bishkekda o‘tkazilgan MDH davlatlari rahbarlari kengashi majlisida Shavkat Mirziyoyev tashkilot makonida istisno va cheklovlarsiz to‘laqonli erkin savdo hududini shakllantirish muhimligini qayd etib, tegishli shartnoma qoidalarini qayta ko‘rib chiqish taklif qilgandi.
Avvalroq O‘zbekiston Pokiston va Tailand bilan JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni yakunlagani haqida xabar berilgandi.