Navbatlarga sabab bo‘layotgan AI-80-markali avtobenzinni sotuvga chiqarmasdan o‘zida saqlab turgan AYQShlarga chora ko‘rildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Ayni kunlarda hududlarda AI-80-markali avtobenzinga talab oshishi natijasida ko‘plab AYQShlarda navbatlar ko‘paygan holatlarga duch kelayotgani qayd etilmoqda.

Mazkur holatlar yuzasidan “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularni sotuvga chiqarilishi yuzasidan AYOQSHlarda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Xususan, Andijon viloyatidagi “N.P.”, “N. O.”, “L.G.”, “S.O.” va “Sh.A.O.” MChJlarga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida birja savdolarida xarid qilingan AI-80-markali avtobenzin hech qanday sabablarsiz sotuvga chiqarmasdan saqlab turish hamda faoliyat ko‘rsatmayotgan shoxobchalarga yo‘naltirish kabi holatlar aniqlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYQShlar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.

“O‘zenergoinspeksiya” shuningdek, Andijon viloyatida sifatsiz neft mahsulotlari sotilish holatini ham aniqladi.

Xususan, Marhamat tumanidagi “M.A.O” MChJ va Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “B.Q” MCHJlarga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida sotilayotgan avtobenzindan namuna olinib, laboratoriya tahlillaridan o‘tkazilganda AI-92-rusumli avtobenzin davlat standart talablariga mos kelmasligi (sifatsiz) ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holatlar yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan ushbu AYOQShda kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.


Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda metan zapravkalar faoliyatiga cheklov kiritilishi haqida yozgandi.

Havo haroratining keskin pasayishi natijasida iste’molchilarning tabiiy gazga bo‘lgan talabi keskin oshib, quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda.