O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi yana rekord darajani qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.
Regulyator Amerika valyutasining rasmiy kursini 12 892,97 so‘m etib belgiladi. Kun davomida kurs 12 so‘m 97 tiyinga oshdi.
Bundan oldin dollar kursi ikki marta rekordni yangilab, 13-dekabr kuni 12 880 so‘mni, 10-dekabr kuni esa 12 874,02 so‘mni tashkil qilgandi.
Noyabr oyida kurs ketma-ket uch marta rekord darajaga ko‘tarilib, 28-noyabr kuni 12 865,05 so‘mni, 20-noyabr kuni 12 855 so‘mni, 19-noyabr kuni 12 844 so‘mga yetgandi.
Avvalroq “Spot” dollarning rasmiy kursi noyabr oyida qanday o‘zgargani haqida yozgandi. O‘zbek so‘mi ketma-ket to‘rtinchi oy arzonlashmoqda. O‘tgan oyda milliy valyuta 90 so‘m, yil boshidan beri esa 4,26%ga qadrsizlandi.
2023-yilning 10-avgust kuni Amerika valyutasi birinchi marotaba 12 ming so‘m chegarasidan o‘tdi. Rasmiy kursning 400 so‘mga sakrashi 2018-yilda valyuta bozori liberallashganidan beri eng keskin ko‘tarilish bo‘lgan.