Avvalroq “O‘zenergoinspeksiya” neft mahsulotlarini yetkazib berish va ularning sotuvga chiqarilishi yuzasidan AYQSHlarda nazorat tadbirlari o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.

Inspeksiyaning Andijon viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan so‘nggi ikki kunda 50dan ziyod yoqilg‘i “zapravka"larida nazorat ishlari amalga oshirildi. Bu haqda “O‘zenergoinspeksiya” matbuot xizmati xabar berdi.

Nazorat tadbirlari doirasida neft bazalaridan maxsus tashuvchi transportlar orqali benzin yetkazib berilishi o‘rganildi. Inspeksiya o‘rganishlar davom etishini bildirgan.

“O‘zenergoinspeksiya"ning Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasining viloyat prokuraturasi bilan viloyatdagi AYQShlarda nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Natijada, Farg‘ona tumanida joylashgan “V.H.O."MChJga qarashli yoqilg‘i quyish shoxobchasiga ta’minotchi omboridan olib kelingan 3,7 tonna AI-80 benzini AYQSh orqali sotilmasdan, ulgurji sotib yuborilganligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan mazkur AYQShlarning birja savdolarida ishtirok etishi vaqtincha to‘xtatildi.

9-dekabr kuni vazirlik metan “zapravka"lar (AGTKShlar) faoliyatiga vaqtinchalik qisqa muddatli cheklov kiritilishini ma’lum qildi. Havo haroratining keskin pasayishi bilan gaz iste’moli keskin oshdi va quvurlardagi bosim pasaydi.

Bundan tashqari, haydovchilarni qo‘shimcha yoqilg‘i bilan ta’minlash uchun tovar-xom ashyo birjasi savdolariga chiqariladigan benzin hajmi vatqinchalik ikki baravarga oshirildi. Energetika vazirligi talab va taklifdan kelib chiqib, taklif hajmini qo‘shimcha oshirish mumkinligini ta’kidladi.

Cheklovlar fonida birjada AI-80 benzini hajmi 4 barobarga oshdi. 13-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan savdolarda AI-80 benzini narxi bir tonnasi uchun 9,32 mln so‘mni tashkil etib, kun davomida 0,4%ga arzonlashgan. Energetika vazirligi AI-92 benzinining kunlik taklifi 4 ming tonnagacha oshganini ma’lum qildi. Biroq, uning atigi 8%i sotilgan.

Avvalroq bir kunda propanning birjadagi narxi deyarli 7%ga arzonlashgani haqida xabar berilgandi.