Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Bildirsoyda yirik dam olish majmuasi qurilmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.
“Ulkan Mulk” kompaniyasi tomonidan “Tog‘ kurorti va dam olish maskani” loyihasini amalga oshirish uchun eski binolar buzildi. Hozirda 100 gektarlik yer maydonida qurilish ishlari boshlangan.
Loyiha uchun birinchi bosqichda $4,5 mln investitsiya kiritiladi. Majmua hududida besh yulduzli mehmonxona, ochiq va yopiq hovuzlar, sport maydonlari bo‘ladi.
Bundan tashqari, uning doirasida 2,5 km.lik dor yo‘li qurilishi ham rejalashtirilgan.
2021-yilning martida Davaktiv agentligi “Bildirsoy oromgohi” dam olish maskani ommaviy sotuvga qo‘yilganini ma’lum qildi. Iyulga kelib, talabgorlardan takliflarni qabul qilish muddati uzaytirildi.
Biroq, oktabr oyida arizalar yo‘qligi sababli maskan “Beldersoy” sport bazasi (Kanat yo‘li) bilan birgalikda ommaviy savdolarga qaytadan chiqarildi. 2022-yil boshida “Ulkan Mulk” kompaniyasi mazkur lotni 107 mlrd so‘m taklifi bilan sotib oldi.
Avvalroq Emin Agalarov Chorvoq bo‘yida “Sea Breeze Uzbekistan” turizm markazini qurishni taklif qilgandi. Loyiha 5−7 mln kv.metr maydonda amalga oshirilishi, uning doirasida dam olish, cho‘milish va sport maskanlari, mehmonxona, kottej va turar joylar tashkil etish rejalashtirilmoqda.