Avvalroq Shavkat Mirziyoyev gaz qazib olishning joriy holati va uni oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

“O‘zbekiston 24” reportajida qayd etilishicha, gaz qazib olish hajmi oshib, hozirda kunlik hajm 76 mln kubometrga yetgan. Qish mavsumida iste’molchilarga 21 mlrd kubometr gaz yetkazib berish hisob-kitob qilingan.

“O‘zbekneftgaz” kompaniyasi keyingi yilda mamlakatda 26,5 mlrd kubometr gaz qazib chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu joriy yil uchun reja qilingan hajm (29,3 mlrd) dan 9,5%ga yoki 2,8 mlrd kub metrga kam.

Kompaniyaga transformastiyani davom ettirish orqali tannarxni 8%ga kamaytirish, xalqaro kredit reytingini yaxshilab mablag‘ jalb qilish topshirildi. 2025-yilda ishlab chiqarish va geologiya-qidiruv ishlariga xalqaro moliya bozoridan $2 mlrd olib kelinishi mo‘ljallangan.

“O‘zbekneftgaz” raisi Bahodir Siddiqov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida kompaniya oldida “juda ko‘p muammolari” borligini, davlat rahbariga ularni hal qilish bo‘yicha takliflar taqdim etilganini ta’kidladi.

“Yig‘ilishda „O‘zbekneftgaz“ oldidagi transformatsiya bo‘yicha vazifalar boshqatdan ko‘rib chiqildi. <...> Bizning asosiy vazifamiz xalqimizning ne’mati bo‘lgan tabiiy gazni eng samarali usul bilan ko‘proq miqdorda yetkazib berishdir. Bu vazifalarni o‘z bo‘ynimizga olganmiz. 2025-yilda barcha hamkorlar bilan yangi tartibda ishlab, tabiiy gaz qazib olish samaradorligini yanada oshiramiz”, — dedi u.

Kompaniyaga kadrlar tayyorlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Jumladan dual ta’lim tizimiga o‘tish, sohadagi institutlar bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari qo‘yilgan. Siddiqovning qayd etishicha, xorijiy kompaniya bilan “O‘zbekneftgaz"ni rivojlanish strategiyasini tayyorlanmoqda.

Shuningdek, u O‘zbekiston hududida potensial mavjudligini, biroq uni amalga oshirish uchun mablag‘ va texnologiya bilan bog‘liq tanqisliklar mavjudligini qayd etdi.

Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qish mavsumi uchun yerosti gazni saqlash omborlariga 5,1 mlrd kub metrdan ortiq gaz zaxirasi jamlanganini ma’lum qilgandi.