Kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam berish talablari o‘zgartiriladi
Kam ta’minlangan oilalar bolalari uchun nafaqa va moddiy yordam olayotgan oilalarning rasmiy band bo‘lmagan a’zolari ishga joylashsa, o‘zini o‘zi band qilsa yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ysa, bu nafaqa va moddiy yordamni ularning muddati tugagungacha, biroq 6 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘lash davom ettiriladi.
MHTEKMning 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1% stavkada to‘lanadi.
Kambag‘al oilalarga ko‘mak choralari quyidagi shartlar inobatga olingan holda ko‘rsatiladi:
- ijtimoiy shartnoma asosida mehnatga layoqatli oila a’zolarining bandligini ta’minlash;
- o‘z tomorqasidan samarali foydalanish (ekin ekish);
- oila a’zolari, shu jumladan, farzandlarining bilim olishi, kasb-hunar va xorijiy tillarni o‘rganishi hamda sog‘lig‘ini nazoratga olishi;
- uy-joyini ozoda tutishi kabilar.
Qimor o‘yinlari, lotereya va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi
2025-yildan O‘zbekistonda qimor o‘yinlari, lotereyalar va bukmekerlik faoliyatiga ruxsat beriladi. Kompaniyalar buning uchun besh yil davomida 4%lik aylanma soliq to‘lashadi, fuqarolar yutuqlari esa daromad solig‘iga tortilmaydi.
O‘yinlar va bukmekerlik kompaniyasining ustav kapitali BHMning kamida 150 ming baravari miqdorida, lotereya tashkilotchisiniki esa BHMning 55 ming baravari miqdorida bo‘lishi kerak.
Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy qilinadi
Ochiq va shaffof Ishlab chiqaruvchilar ekotizimi joriy etilib, tadbirkorlarga o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni taklif etish imkoni yaratiladi.
Ekotizim quyidagi yo‘nalishlarini nazarda tutadi:
- hududlar va tovarlar kesimida ishlab chiqaruvchilar to‘g‘risidagi sanoat xaritasini ishlab chiqish;
- davlat buyurtmachilari va ishlab chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida o‘zaro kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va ofteyk shartnomalar tuzish;
- “B2B” va “B2C” formatida “marketpleys” shaklidagi erkin savdo maydonchasini tashkil etish.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur ekotizimning to‘liq joriy etilishi va uning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladi.
Toshkent jamoat transportida yo‘l haqini naqd pulda qabul qilish to‘xtatiladi
Toshkent shahrining avtobus va metropoliten yo‘nalishida bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif 3 ming so‘mni tashkil etadi. Transport to‘lov tizimi yoki bank kartalari orqali amalga oshiriladigan to‘lovlar 1 700 so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoldirildi.
Bir yo‘lovchining bagajini tashish xizmati uchun 4 ming so‘m undiriladi. Qatnovlar soniga bog‘liq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif esa 1 600 so‘mni tashkil etadi.
Transport kartalari va ular orqali bir soat ichida bir yo‘nalishdan boshqasiga o‘tishda, qatnov soni asosida qo‘llaniladigan imtiyoz va bepul tariflarning narxlari o‘zgarishsiz qoldiriladi.
Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘l haqini naqd pulda olish to‘xtatilib, to‘lovlar faqat elektron qabul qilinadi. Naqd pulda to‘lovlarni amalga oshirish uchun bekatlar yonidagi barcha to‘lov qurilmalari — “Paynet”, “MultiPay” va “Oson” infokiosklari orqali bir martalik chipta xarid qilish kerak. Elektron to‘lovlarni amalga oshirishda ko‘p martalik tarif rejalari tasdiqlandi.
Ayrim quyosh panellari importi cheklanadi
O‘zbekistonda “BNEF Tier-1” xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan kompaniyalardan quyosh panellari, invertorlar va elektr energiyasini saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi.
“BNEF Tier-1” ro‘yxati Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida muntazam e’lon qilib boriladi. Hozirgacha, Energetika vazirligi rejalashtirilgan cheklovlar haqida xabar bermadi.
“CNN"ning qayd etishicha, “BNEF Tier-1” reytingi quyosh panellarini yetkazib beruvchilarning moliyaviy barqarorligini baholaydi va faqat moliya sektori uchun e’lon qilinadi. “Bloomberg” ro‘yxati kompaniyalarning uskunalari, xizmatlarining sifati yoki unumdorligini baholamaydi.
Tuman va shahar hokimliklariga ma’muriy vakolatlar berilmoqda
Tuman (shahar)lar hokimliklariga belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) bo‘limlari rahbarlarini mas’ul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va ozod etish, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rishga ruxsat beriladi.
Shu bilan birga, ular 2026-yilgacha belgilangan ro‘yxat bo‘yicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tarzida hokimlik faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yondashuvi asosida tashkil etishlari mumkin.
Ayrim soliqlar tuman va shahar budjetida qoldiriladi
Mahalliy hokimliklarning moliyaviy imkoniyat va vakolatlari oshiriladi. 2025-yildan aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlar to‘liq hajmda tuman (shahar)lar budjetlariga o‘tkaziladi. Biroq, JShODS tushumlarining kamida 50%i beriladi.
Hokimliklarga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablag‘larning 90%i Qoraqalpog‘iston budjetiga, viloyatlarning viloyat budjetiga va Toshkent shahrining shahar budjetiga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) budjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga tuman (shahar)larning iqtisodiy rivojlanish darajasidan kelib chiqib, YTTlar uchun JShODSning eng kam va eng yuqori qat’iy belgilangan stavkalari doirasida tuman (shahar)lar kesimida YTTlarga qat’iy soliq stavkalari miqdorini belgilashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, ular soliq solish maqsadida qo‘llanadigan ko‘chmas mulk ijara qiymatining 1 kv.metr uchun o‘rnatilgan minimal miqdorlariga nisbatan tuman (shahar)lar kesimida 2 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent, xususan, Toshkent shahrida uni yer solig‘i kabi zonalar kesimida qo‘llashlari mumkin bo‘ladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlari suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llashga ruxsat beriladi. Noruda qurilish materiallari bo‘yicha yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilash vakolatlari beriladi.
Toshkent viloyatida qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish tariflari oshiriladi
Toshkent viloyatida fuqarolar uchun qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqish narxi oyiga bir kishi uchun QQSsiz 7 ming so‘m, QQS bilan esa 7 840 so‘mni tashkil etadi.
Shuningdek, budjet va xo‘jalik tashkilotlari uchun narx 1 kv.metrga 74 ming so‘m (QQSsiz) va 82 880 so‘mni (QQS bilan) qilib belgilanmoqda.
Dori-darmon va tibbiyot tovarlari importi uchun yig‘im bekor qilinadi
2025-yil 1-yanvardan dori vositalari va boshqa tibbiy tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bekor qilinadi. Hozir bu bojxona qiymatining 1,2%ini tashkil etadi.
Dori vositalarini va tibbiyot buyumlarini import qilishda bojxona qiymatining 1,2%i miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘im bekor qilinadi.
Jismoniy shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 10%ga ko‘tariladi
2025-yil 1-yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkiga solinadigan soliq stavkasini 10%ga oshirish rejalashtirilmoqda. Yangi stavkalar qiymatning quyidagi ulushlariga teng bo‘ladi:
- butun O‘zbekiston bo‘yicha 200 kvadrat metrgacha bo‘lgan turar-joylar uchun — 0,34%;
- shaharlarda 200 dan 500 kvadrat metrgacha, shuningdek boshqa aholi punktlarida 200 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan turar-joylar uchun — 0,45%; — 0,45%;
- shaharlarda 500 kvadrat metrdan yuqori bo‘lgan turar-joylar uchun — 0,6%. — 0,6%.
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning pasaytirilgan stavkasi ham oshadi. Yangi yildan boshlab u hozirgi 0,6% o‘rniga 0,65%ga teng bo‘ladi.
Suv tejovchi texnologiyalar va suv hisoblagichlarini joriy etayotgan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari uchun soliq 0,5 kamaytiruvchi koeffitsiyent (bu harakatlardan biri amalga oshirilganda 0,7) bilan hisoblanadi. Ular mavjud bo‘lmagan taqdirda 1,1 koeffitsiyent qo‘llaniladi.
Hozirgi vaqtda yillik byudjet va unga tegishli o‘zgartirishlar hali tasdiqlanmagan.
Foto: Jaloliddin Rajabov / Spot
Ta’limga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish 30 barobar arzonlashadi
Ta’lim muassasalari tomonidan jalb qilingan xorijiy mutaxassislarning ish ruxsatnomasini tasdiqlash narxi pasaytiriladi. Yig‘im miqdori BHMning 30 baravaridan (11,25 mln so‘m) 1 baravarigacha (375 ming so‘m) kamaytiriladi.
Xususiy ta’lim tashkilotlari tomonidan ishga olingan xorijiy o‘qituvchilar O‘zbekistonda doimiy ishlash uchun “A2” toifasidagi kirish vizalarini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi soliq imtiyozlari keyingi yil boshidan kuchga kiradi
2025-yildan yangi soliq imtiyozlari kuchga kiradi. Amalda soliq to‘lovchilar huquqiy asoslar vujudga kelgan (ular joriy etilgan) paytdan boshlab imtiyozlardan ular amal qiladigan butun davr mobaynida foydalanish huquqiga ega.
Jamoat transporti uchun QQS imtiyozlari bekor qilinadi
Yo‘lovchilarni yagona tariflar bo‘yicha tashish xizmatlarini ko‘rsatish aylanmasi hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari yagona ishtirokchisi hisoblangan yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovar va xizmatlar uchun QQS bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.
Yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yer uchastkalari bo‘yicha soliq stavkasi 50%ga kamaytiriladi. Bunda yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi imtiyoz bekor qilinadi.
Tibbiyot muassasalarida farmatsevtika mahsulotlarini xarid qilish tartibi o‘zgartiriladi
Bosqichma-bosqich barcha tibbiyot muassasalari tomonidan markazlashmagan tartibda xarid qilinadigan farmatsevtika mahsulotlari xaridi markazlashtirilgan tartibga o‘tkaziladi.
Dori-darmon aylanmasi bo‘yicha postmarketing nazorati yo‘lga qo‘yiladi
1-yanvardan farmatsevtika mahsulotlarining postmarketing nazoratini amalga oshirish tartibi kuchga kiradi.
Bundan tashqari, xaridlar fuqarolarning so‘rovlari yoki mahsulotlarning sifati va xavfsizligi, ularning noqonuniy aylanishi va nojo‘ya ta’sirlari to‘g‘risidagi boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida amalga oshirilishi mumkin. Bunday holda, savdo nomi ishlatiladi.
Xarid qilish markazning ixtisoslashtirilgan bo‘limi xodimlari tomonidan bank kartalaridan amalga oshiriladi. Dorixona assortimentida bo‘lmagan texnika yoki dori-darmonlar bo‘lsa, sotib olish o‘rniga ishlab chiqaruvchining omboridan namunalar olinadi.
Agrotexnik xizmatlarni ko‘rsatuvchilarga yer va mol-mulk solig‘i kamaytiriladi
2025-yildan 2028-yilgacha qishloq xo‘jaligida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkalari 50%ga kamaytiriladi.
Bu klasterlardan tashqari, qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlash, agrotexnik xizmatlar ko‘rsatish, jumladan, ekin maydonlarini lazerli yer tekislagich yordamida tekislash, g‘o‘zani chilpish (chekanka) va defoliatsiyalash xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlarga qo‘llaniladi.
Qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetkazib berishda imtiyozlarni qo‘llash tartibi o‘zgartiriladi
2025-yildan qishloq xo‘jaligi texnikalari yetkazib berishda qonunchilik asosida qo‘llaniladigan imtiyozlar faqat mahalliy ishlab chiqaruvchilar va dilerlar orqali muomalaga chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda subsidiya, soliq va bojxona imtiyozlari va moliyaviy yordamlar nazarda tutilgan.
“Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi
O‘zgarishlar qatorida yanvar oyidan tadbirkorlik faoliyatini yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan amalga oshirganlik uchun moliyaviy jarima bekor qilinadi. Shu bilan bir qatorda, “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimi joriy etiladi.
Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot
Restoran va kafelarga o‘zlariga tutash maydonlardazgi terrasaga ruxsat beriladi
2025-yildan umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi tadbirkorga “keshbek” sifatida qaytarib beriladi.
Bunda oylik aylanmasining 60%ini naqd pulsiz amalga oshirgan korxonalarga QQSning 40%i to‘langan zahoti qaytariladi. Agar bu 60%dan kam bo‘lsa, “keshbek” 20% bo‘ladi. QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarga foyda solig‘i 2 barobarga kamayadi.
Ularga bahor va yoz mavsumida o‘zlariga tutash maydonlarda stol-stul va soyabon qo‘yib ishlashga ruxsat beriladi. Restoran va kafelar ishchilar bilan qisqa muddatli, soddalashgan mehnat shartnomasini tuzishi mumkin bo‘ladi.
Bog‘chalarda direktor o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi
Maktabgacha ta’lim tashkilotining direktori o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Barcha tuman (shahar)larida kamida bittadan tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor o‘rinbosarlariga lavozim maoshining 20%i miqdorida qo‘shimcha har oylik ustama haq to‘lanadi.
Davlat bog‘chalari uchun to‘lovlar oshiriladi
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar ta’minoti uchun 2025-yil 1-yanvardan boshlab amal qiladigan ota-onalar to‘lovi miqdorlari tasdiqlandi. Masalan, Toshkent shahridagi bog‘chada 9 soat vaqt o‘tkazadigan bir bola uchun oylik to‘lov 272 ming so‘mni, agar birdan ortiq bola qatnasa, bu 190 ming so‘mni tashkil etadi.
Hududlar markazida bu xuddi shu vaqt uchun mos ravishda 263 ming va 186 ming so‘m bo‘ladi.
Startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” joriy etiladi
Raqamli startaplar dasturi doirasida belgilangan tartib asosida raqamli startaplar sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi.
Rejim 2027-yilgacha amalga oshirilib, vazirlik bu muddatgacha maxsus huquqiy rejim natijalari to‘g‘risida tahliliy ma’lumot, zarurat asosida qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha hukumatga takliflar kiritishi kerak.
Tadbirkorlar reyting darajasi asosida subsidiya va soliq imtiyozlarini olishlari mumkin bo‘ladi
2025-yildan subsidiya.mf.uz platformasida alohida reyestr yuritiladi. U o‘z ichiga tadbirkorlarga taqdim etiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarining turlari, muddatlari va tartibini qamrab oladi.
O‘zbekistonda milliy vaqt shkalasi joriy etiladi
2025-yildan O‘zbekiston milliy vaqt shkalasi (UTC (UZ) joriy etiladi va undan mamlakatning aniq vaqti sifatida foydalaniladi.
Vaqt xizmatining faoliyatini tashkil etishga Texnik jihatdan tartibga solish agentligining “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” mas’ul bo‘ladi. Institut Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etib, milliy vaqt shkalasini hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.
Yirik tashkilotlar faoliyati auditdan o‘tkaziladi
Ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50% va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlar faoliyatini auditdan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Turizmning yangi turlari joriy etiladi
Turizmning yangi turlari, jumladan, sanoat, geologiya, ilmiy, harbiy hamda davlat-boshqaruv turizmi joriy etiladi.
Sanoat turizmi mahsulot ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishish, geologiya turizmi konlar, shaxtalar, faoliyat yuritmayotgan geologik obyektlarga tashriflarga qaratilgan.
Ilmiy turizmda belgilangan nuqtalarga tashriflar orqali fan va texnika yutuqlari tanishtiriladi. Harbiy turizm harbiy xizmatchilar hayoti va sharoitlari bilan tanishish, turistlarga o‘q otish bo‘yicha pulli xizmatlar tashkil qilishni, davlat-boshqaruv turizmi hukumat bino va inshootlariga tashrif buyurishni nazarda tutadi.
Mudofaa vazirligiga Oliy sport natijalarini rivojlantirish markazi Qibray sport majmuasi bazasida “Stendli otish” va o‘qotar qurollardan otishni pulli asosda yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.
Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida tezkor kurslar tashkil etiladi
“Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari negizida kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etiladi.
Ularda ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o‘qitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar tashkil etiladi. 1-martdan amaliy kasbiy ko‘nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajriba joriy etiladi.