Avvalroq prezident yer resurslaridan yana-da samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda yer toifasini o‘zgartirish va nobudgarchilik to‘lovlarini hisoblash bilan bog‘liq jarayonlar haligacha qog‘oz shaklida yuritilayotgani tanqid qilindi. Taʼkidlanishicha, bu kelishuv va qaror qabul qilish muddatining cho‘zilishiga, investorlar noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan barcha jarayonlarni raqamlashtirish, yerdan maqsadli foydalanish, suv samaradorligi va tuproq sifati kabi mezonlar asosida yerdan foydalanish samaradorligini baholash tizimini yo‘lga qo‘yish vazifasi qo‘yildi.
Yerga bo‘lgan ijara huquqini moliyaviy vosita sifatida kengaytirish, uni nafaqat tijorat kreditlari, balki lizing, ipoteka va bank kafolatini olish uchun ham garovga qo‘yish imkoniyatini yaratish zarurligi qayd etildi.
Yer uchastkasini bo‘sh turgan yer sifatida hisobga olish tartibini soddalashtirish, yerlarni qayta ijaraga berishda shartnomalarni haq evaziga yoki tekinga tuzish mumkinligini aniq belgilash, shundan kelib chiqib, yer oldi-sotdisiga oid huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik choralarini qayta ko‘rib chiqish taklif etildi.
Yer nazorati yo‘nalishida javobgarlikni kuchaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi.
Xususan, yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallab olish uchun javobgarlikni faqat sug‘oriladigan yerlar uchun emas, qolgan barcha turdagi yer uchastkalariga nisbatan ham tatbiq etish zarurligi taʼkidlandi.
Temir yo‘llari, avtomobil yo‘llari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari, suv inshootlari va tarmoqlarini qurish maqsadlarida yerlarning toifasi o‘zgartirilganda nobudgarchilik to‘lovidan ozod qilish, yer jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilganida to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlarini soliqqa tortmaslik bo‘yicha takliflar bildirildi.
Kelgusida qishloq xo‘jaligi yerlari ijarachilariga hududlardagi 13 ta direksiya orqali, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlarda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga esa 14 ta investitsiya kompaniyasi orqali xizmat ko‘rsatilishi, ushbu tashkilotlar o‘z yo‘nalishlarida davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini bajarishi taʼkidlandi.
Davlat rahbari yer islohotlarini yangi bosqichga olib chiqish, yerdan foydalanish samaradorligini oshirish, tadbirkorlar uchun yana-da ochiq va tushunarli tizim yaratish, shuningdek, sohada raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Avvalroq yerlarni ijaraga berish muddati barcha turdagi yerlar uchun 49 yil etib belgilanishi haqida xabar berilgandi.