Avvalroq prezident yer resurslaridan yana-da samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Unda yerdan yuqori daromad olishda xorijiy agrotexnologiyalarni keng qo‘llashga eʼtibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.
Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida $10 mln bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi taʼkidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat O‘zbekiston fuqarolariga beriladi.
Ayni paytda yerlarni ijaraga berish muddatini barcha turdagi yerlar uchun, shu jumladan, sanoat va qurilish loyihalarini amalga oshiradigan chet ellik investorlar uchun ham 49 yil etib belgilash taklif etildi.
Bugungi kunda qariyb 100 ming gektarga yaqin yerning ijara muddati tugagan. Shu bois, tadbirkorlar ushbu yerlarni qayta auksionga chiqarmasdan, ijara muddatini uzaytirish bo‘yicha qulay va shaffof tartib joriy etish zarurligini bildirmoqda.
Taqdimotda mazkur jarayonni davlat xizmatlari markazlari va elektron platformalar orqali amalga oshirish, kadastr, qishloq xo‘jaligi va adliya tizimlarini o‘zaro integratsiya qilish, eʼtirozlar bo‘lmagan taqdirda qishloq xo‘jaligi yerlari uchun 30 yilgacha, noqishloq yerlar uchun 49 yilgacha uzaytirish tartibini joriy etish taklif qilindi.
Soliq yoki ijara to‘lovidan qarzdorlik, sud nizosi yoki noqonuniy qurilish aniqlangan hollardagina ijara shartnomasi yangi muddatga uzaytirilmasligi belgilanmoqda.
Fevral oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda energetika loyihalarini amalga oshirish uchun yer ajratish va toifasini o‘zgartirish jarayoni tezlashtirilishi aytilgandi.
Spot, avvalroq, Ulug‘bek shaharchasidagi 190 gektar yer dendrologiya bog‘ini barpo etish uchun poytaxt hokimligiga berilgani haqida yozgandi.