Toshkent shahrida avtobuslarda yo‘l haqi naqd pulda qabul qilinmaydi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” matbuot xizmati xabar berdi.
2025-yilning 1-yanvaridan boshlab, poytaxtdagi avtobuslarda naqd pul qabul qilish amaliyotini to‘xtatish rejalashtirilgan.
Naqd pul orqali avtobuslarda harakatlanish uchun bekatlar va ular yaqinidagi barcha to‘lov qurilmalari — “Paynet”, “MultiPay” va “Oson” infokiosklari orqali bir martalik chipta xarid qilish kerak bo‘ladi.
Shuningdek, kompaniya yo‘l haqini tez va arzon to‘lash uchun elektron to‘lov tizimlaridan foydalanishni tavsiya qilmoqda.
Oktabr oyida Toshkentda avtobuslarda naqd pul to‘lovlaridan voz kechish rejalari haqida transport vaziri Ilhom Mahkamov ma’lum qilgandi. Chiptalarni o‘qish uchun barcha avtobuslarga maxsus moslamalar o‘rnatilishi aytilgan.
Noyabr oyida poytaxt jamoat transportida yo‘lkira haqining cheklangan tariflarini joriy etishni nazarda tutuvchi poytaxt hokimining qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Bunda cheklangan tarif 3 ming so‘mni, elektron to‘lov esa 1 700 so‘mni tashkil etadi. Elektron to‘lovlar uchun kunlik va oylik tariflarga qo‘shimcha ravishda qatnovlar sonidan kelib chiqib, ko‘p martali tarif rejalari ishlab chiqiladi. Muhokama 10-dekabr kuni yakunlanadi.
Avvalroq avtobus yo‘lagida qoida buzganlar uchun jarima joriy etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Bu harakatni birinchi marta sodir etganlik uchun 1,12 mln so‘m, bir yil ichida takror kuzatilsa, 1,87 mln so‘m miqdorida jarima belgilanadi.